O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Vazirlik tizimida faoliyat yuritayotgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish hamda axborot xavfsizligini ta’minlash uchun mas’ul xodimlari malaka oshirmoqda
2018-01-25 | Jamiyat
2018-yilning 24-yanvar kuni Toshkent davlat agrar universitetida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi respublika tashkilot, muassasa va korxonalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, viloyatlar Qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmalari hamda Irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish hamda axborot xavfsizligini ta’minlash uchun mas’ul xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv-seminari boshlandi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish Markazi, Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlashga ko‘maklashish markazi, “UZINFOCOM” markazi, “UNICON.UZ” davlat unitar korxonasining mas’ul rahbar-xodimlari hamda Toshkent axborot texnologiyalari universitetining professor-o‘qituvchilari bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda.
Tadbirning ochilishida bugungi global taraqqiyot sharoitida mamlakatimiz iqtisodiyotining barcha jabhalarida, jumladan, qishloq va suv xo‘jaligi sohasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish, yangi innovatsion usullar va texnologiyalarni joriy etish, axborotlashtirishni yanada kengaytirish va axborot xavfsizligini ta’minlash dolzarb ahamiyat kasb etayotganligi ta’kidlandi. Bu mutaxassislar zimmasiga zamonaviy texnologiyalar, innovatsion ishlanmalar, ilg‘or ilm-fan yutuqlari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan yanada kengroq foydalangan holda soha samaradorligini oshirishdek mas’uliyatli vazifalarni yuklaydi.
Uch kun davom etadigan o‘quv-seminar dasturiga ko‘ra, ishtirokchilar agrar sohada axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining o‘rni va uni rivojlantirish bilan bog‘liq chora-tadbirlar, tizimda elektron axborot almashish jarayonlarini takomillashtirish, axborot xavfsizligini ta’minlash kabi qator muhim mavzulardagi ma’ruzalarni tinglashi barobarida, mavjud muammolarni tahlil qilib, ularni bartaraf etish yuzasidan o‘zaro fikr almashadilar.