O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Navoiy viloyati hokimi ishsiz yurgan bir guruh yoshlar bilan uchrashdi
2018-01-25 | Jamiyat
Navoiy viloyati hokimi Qobil Tursunov innovatsion g‘oya va tashabbuslarga ega, tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan hamda ishsiz yurgan bir guruh yoshlar bilan uchrashdi.
Viloyat hokimi bilan ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish, turli imtiyozlardan foydalanish kabi masalalar ilgari surildi.
Uchrashuvda yosh tadbirkorlarning Xitoy Xalq Respublikasiga biznes sayohatini tashkil etish, navoiylik yoshlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida maxsus jamg‘arma tuzish takliflari ma’qullanib, bu borada aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
– Ayni paytda Navoiy shahridagi ko‘p qavatli uyga ko‘chib o‘tganimiz sababli Karmana tumanida o‘zimiz yashagan hovli o‘rnida xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi barpo etish loyihasini taklif etdim, – deydi A’zam Azizov. – Bugungi kunda viloyatda bunday zamonaviy tarbiya maskanlariga ehtiyoj katta. Mening tashabbusim rahbarlarga ma’qul bo‘ldi. Endi bu borada amaliy ishlarni boshlaymiz.
Tadbir doirasida umumta’lim maktablaridagi “Kamalak” sardorlariga ko‘krak nishonlari topshirildi.