O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Birinchi Prezidentimiz xotirasiga bag‘ishlandi
2018-01-25 | Jamiyat
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida Birinchi Prezidentimiz, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasi bo‘lib o‘tdi.
Xotira kechasi “Istiqlol me’mori” hujjatli filmi namoyishi bilan boshlandi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 27-noyabrdagi "O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash to‘g‘risida"gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda Birinchi Prezidentimiz butun siyosiy faoliyati davomida o‘zi ilgari surgan “Bizdan ozod va obod Vatan qolsin!”, “Elim deb, yurtim deb, yonib yashash kerak”, degan olijanob g‘oyalarga amal qilib yashagani ta’kidlandi. Shuning uchun ham ko‘p millatli xalqimiz yuragidan chuqur o‘rin egalladi. O‘zining ko‘p qirrali siyosiy faoliyati, yuksak insoniylik fazilatlari bilan mustaqil Vatanimiz tarixida o‘chmas iz qoldirdi. Jahon miqyosida katta hurmat va obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan ulug‘ shaxs va arbob sifatida nom qozondi.
Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Qoraqalpoq xalqi Islom Karimovning “Men faqat o‘zbek xalqining emas, balki qoraqalpoq xalqining ham farzandiman!” degan so‘zlarini har doim g‘urur bilan yodga oladi.
Tadbirda Birinchi Prezidentimizning turmush o‘rtog‘i T.Karimova buyuk davlat va siyosat arbobining qoraqalpoq xalqi turmush farovonligini yuksaltirish, qadimiy tarixi, madaniyati, adabiyoti va san’atini tiklash va targ‘ib etishga qaratgan e’tibori, bu zaminning mehnatkash va samimiy odamlariga alohida hurmati haqida so‘zladi.
San’at ustalari va yosh ijrochilar ishtirokidagi konsert dasturi kechaga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.