O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Prezident tashrifidan so‘ng: “Bio Texno Eso” toza hudud loyihasini ishga tushirdi

2018-01-24 | Iqtisodiyot

Surxondaryo viloyati Angor tumanidagi “Bio Texno Eco” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli maishiy chiqindilarni saralash va qayta ishlash zavodining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, tadbirkorlar, nuroniylar, yoshlar ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor joylarda yangi ishlab chiqarish quvvatlari barpo etishda yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi. 

Prezidentimizning 2017-yil 21-apreldagi "Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida"gi farmoni hamda "2017-2021-yillarda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan mazkur korxona maishiy chiqindilarni yig‘ish, saralash, qayta ishlash va ulardan tayyor mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. 

Mutaxassislarning fikricha, viloyatda bunday korxona ishga tushirilgani tevarak-atrofda ekologik tozalikni saqlashga, turli yuqumli kasalliklarning oldini olishga xizmat qiladi. 

– Tozalik, ozodalik – salomatlik garovi, – deydi Surxondaryo viloyati sanitariya-epidemiologiya markazi bosh shifokori A.Mustanov. – Ayni paytda yoshlarimiz foydalanilgan polietilen xaltacha, polietilen va shisha idishlarni yo‘l chetlariga tashlab ketayotgani kuzatilmoqda. Chiqindixonalarga oziq-ovqat qoldiqlari, eskirgan kiyim-kechak, ishdan chiqqan turli metall va alyumin buyumlar chiqarib tashlanmoqda. Albatta, bular aholi punktlaridan tashqariga tashib ketilayotgan bo‘lsa-da, ekologik tozalikka o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Ushbu korxona ana shunday chiqindilarni yig‘ib, qayta ishlashga ixtisoslashgani mahallalarimizda ozodalikni saqlashga keng imkoniyat yaratadi. 

Kattaqum mahallasining cho‘l hududida qad rostlagan zamonaviy korxonani bunyod etish va maxsus chiqindi tashish transportlarini xarid qilish uchun 8 million dollardan ziyod mablag‘ sarflandi. 

– Prezidentimiz joriy yil 19-20-yanvar kunlari viloyatimizga tashrifi chog‘ida faoliyatimiz bilan yaqindan tanishdi, – deydi korxona rahbari I.Boqijonov. – Ayniqsa, loyihamizni qo‘llab-quvvatlab, soliq to‘lovlarida imtiyoz qo‘llash yuzasidan mutasaddilarga bergan topshiriqlari, bu ishni yanada rivojlantirish bo‘yicha maslahatlari bizni ruhlantirib yubordi. Mazkur korxonada Termiz shahri, Angor va Termiz tumanlaridagi maishiy chiqindilarni yig‘ib, saralash hamda qayta ishlashni tashkil etayotgan edik. Davlatimiz rahbari bilan uchrashgandan so‘ng Denov tumanida ham shunday korxona barpo etishni rejalashtirib oldik. Ayni paytda bizda chiqindi tashiydigan 50 dan ortiq avtotransport vositasi mavjud. Endi mahallalardagi chiqindilarni tashishga mo‘ljallangan mototransport vositalari ham xarid qilmoqchimiz. 

Xorij texnologiyasi bilan jihozlangan korxona yiliga 182 ming tonnadan ortiq chiqindini saralab, qayta ishlaydi. Bu yerda shishadan mozaika va plitkalar, foydalanilgan plastmassadan polietilen quvurlar, yog‘och chiqindilaridan briket, qog‘oz chiqindisidan karton va qayta ishlangan qog‘oz, oziq-ovqat chiqindisidan biogaz va biogumus ishlab chiqariladi. Biogumus shu yerning o‘zida barpo etiladigan mevali bog‘ni to‘yintirish uchun ishlatiladi. 

Yangi korxona ishga tushishi bilan 152 kishining bandligi ta’minlandi. Ularning 60 dan ziyodi Kattaqum mahallasi yoshlaridir. 

– Yoshim 30 da, – deydi korxona ishchisi G‘.Jo‘rayev. – Uch farzandim bor. Bolalikdan chilangarlik ishini yaxshi o‘zlashtirib olganman. Ko‘p yillardan buyon o‘zimga munosib ish topolmay yurgan edim. Uyimizdan uncha uzoq bo‘lmagan hududda qurilayotgan ushbu korxonaga kelib, ishga joylashdim. Xorijlik mutaxassislarga uskunalarni o‘rnatishda ko‘maklashdim. Uni boshqarish sirlarini ham o‘rganib oldim. Yaxshigina mehnat haqi to‘lanadigan doimiy ish bilan ta’minlanganimdan xursandman. 

Tadbir doirasida kam ta’minlangan oilalarning uch nafar farzandi nomiga ochilgan, har biriga tijorat bankida 500 ming so‘mdan mablag‘ qo‘yilgan omonat daftarchalari topshirildi. Mehmonlar uchun dasturxon yozilib, osh tortildi. Ozodlik, obodlik va farovonlikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi. 

Zamonaviy korxona to‘la quvvat bilan ish boshlagach, 250 kishining bandligi ta’minlanadi. Kelgusida esa to‘rt ming ishchi o‘rni yaratish rejalashtirilgan. 

Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi E.Turdimov so‘zga chiqdi. 

 

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA

Поделиться