O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bir yillik kichik muddatda katta ishlar amalga oshirildi
2018-01-24 | Jamiyat
Jizzax viloyatida 2017-yilda ishlab chiqarish yo‘nalishida 329, qishloq xo‘jaligida 682, xizmat ko‘rsatish sohasida 743 loyiha amalga oshirildi. Shu davrda viloyatda 2 trillion 245 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi, 35 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.
Prezidentimiz 2017-yil 27-aprel kuni Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tuman va shaharlarda keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish bo‘yicha vazifa va topshiriqlar bergan edi.
Bugungi kunda ishga tushirilgan korxonalar, yangi ijtimoiy inshootlar, davom etayotgan qurilishlar ana shu vazifalar ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.
Masalan, Prezidentimiz viloyatga tashrifi chog‘ida tamal toshini qo‘yib bergan Zafarobod tumanidagi neftni qayta ishlash majmuasi qurilishi nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyo mintaqasi hayotida ham katta voqea bo‘ldi. Loyiha qiymati 2,2 milliard dollar bo‘lgan ushbu korxonada yiliga 5 million tonna neft qayta ishlanib, “Evro-5” standartidagi yuqori sifatli motor va aviatsiya yonilg‘isi, benzol, mazut, bitum va boshqa bir necha turdagi mahsulotlar olinadi.
Ayni paytda ushbu gigant korxona haqida nafaqat mamlakatimiz, balki xorijiy ommaviy axborot vositalarida ham maqolalar yozilmoqda. Sanoatni modernizatsiya qilish, yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish, mahalliy mahsulotlarning ichki va tashqi bozorda raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha o‘tkazilayotgan keng ko‘lamli ishlarni hisobga olgan holda, yangi neftni qayta ishlash majmuasi o‘zining geosiyosiy ahamiyati bo‘yicha o‘ta muhim qurilish sifatida e’tirof etilmoqda.
Yangi majmuaning afzalligi shundaki, unga Rossiya va Qozog‘iston konlaridan qazib olinayotgan xomashyo neft quvuri orqali yetkazib beriladi. Ma’lumki, Omsk – Pavlodar – Chimkent neft quvuri tarmoqlaridan biri Jizzax viloyatiga yaqin hududdan o‘tgan. Shu yerdan yangi majmuagacha uzunligi atigi 100 kilometrlik quvur yotqizilib, bu bilan korxona kam xarajat evaziga xomashyo bilan ta’minlanadi. Loyiha doirasida qozog‘istonlik sheriklar uzunligi 168 kilometrlik neft quvurini rekonstruksiya qilib, nasos stansiyalari va texnik inshootlar qurib beradi.
Zavod qurilishi «Jizzakh Petroleum» qo‘shma korxonasi hamda bosh pudratchi – «Enter Engineering Ltd» kompaniyasi va uning shunday korxonalar barpo etishda katta tajriba to‘plagan sheriklari bilan birgalikda olib borilmoqda.
Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, korxona sanoat usulida ishga tushirilgandan so‘ng bu yerda 2 mingta ish o‘rni yaratiladi. Ma’lumki, neft-kimyo tarmog‘idagi har bir ish o‘rni tarmoq bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa sohalarda ham yana bir necha yangi ish joylarini yaratadi. Shu jihatlar hisobga olinib, korxona ishga tushishi bilan 16 mingdan ortiq yuqori daromadli yangi ish o‘rni paydo bo‘lishi mo‘ljallanmoqda.
Bundan tashqari, ushbu majmua elektr energiyasini katta hajmda iste’mol qiluvchi va yirik hajmdagi yuklarni jo‘natuvchi korxonaga aylanadi. Bu, o‘z navbatida, mamlakatimizda energetika va transport sohalari yanada rivojlanishiga qo‘shimcha turtki beradi.
Ayni paytda korxonada qurilish ishlari qizg‘in olib borilayotir. Korxona asosini barpo etish bilan bir vaqtda ishchilar uchun uy-joy qurilishi ham boshlandi. Chunki ekologik talablardan kelib chiqib aholi manzillaridan olisda, cho‘l hududida yirik inshoot bunyod etishda birinchi navbatda ishchilar uchun turar joylar zarur.
– Jizzax axborot texnologiyalari kasb-hunar kollejini bitirganimdan so‘ng ishsiz edim, – deydi Bekzod Ashurmatov. – Prezidentimizning o‘tgan yili viloyatimizda yangi zavod qurilishiga birinchi g‘isht qo‘yganini eshitib, bu yerga kelganman. Hozircha qurilishda ishlayapman. Zavod bitsa, birinchi navbatda, mutaxassislar qabul qilinar ekan. Mamlakatimizning shunday gigant korxonasi qurilishi boshlangan kundan ishtirok etayotganimdan mamnunman.
O‘tgan yili qurilishi boshlangan “Uzbekistan Peugeot Citroen Automotive” zavodi to‘g‘risida bugun xorijda ham yaxshi bilishadi. Umumiy qiymati 133,3 million yevro bo‘lgan mazkur loyiha doirasida yiliga 16 ming “Peugeot Expert” va “Peugeot Boxer” rusumidagi eksportbop tijorat avtomobillari ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Bunday zamonaviy avtomobillarga Fransiya, Eron, Rossiya va MDHning boshqa davlatlarida ehtiyoj katta.
Shu kunlarda zavod qurilishi uchun “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasi hududidan ajratilgan 45 gektarlik yerda ish qizg‘in. Investitsiya loyihasi doirasida korxonaning qurilish-montaj ishlari joriy yil may oyiga qadar amalga oshiriladi, 2019 yilda mahsulot ishlab chiqarishni boshlaydi.
Bu zavodning ishga tushirilishi ham tarmoqdagi boshqa korxonalarda ish hajmining oshishiga olib keladi. Korxona ish boshlagan birinchi yildan boshlab avtomobil butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi 30 ga yaqin yirik va 160 dan ziyod o‘rta va kichik korxonalarni jalb etish yo‘li bilan kamida 50 foiz mahalliylashtirish darajasini ta’minlash rejalashtirilgan. Yangi korxonada 600 dan ziyod ish o‘rni yaratiladi.
Viloyatda o‘tgan yili eng ko‘p e’tiborni tortgan voqealardan yana biri Forish tumanining Egizbuloq qishlog‘ida Buyuk Britaniyaning “Leigh Barrier LLP” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Mega invest industrial” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo‘shma korxona ishga tushirilishi bo‘ldi. Zamonaviy qurilishlarda keng qo‘llaniladigan mineral tolalar va polimer yelimlar asosida ko‘p maqsadli kompozit armaturalar ishlab chiqaruvchi yirik korxona qurilishi qisqa muddatda – 2017-yilning fevral oyida boshlanib, dekabr oyida to‘liq yakunlandi.
Loyiha qiymati 51,8 million dollarga teng yirik korxonaning dastlabki bosqichida mahalliy xomashyodan yiliga 2,5 ming tonna bazalt tola va 2,9 ming tonna bazalt armatura ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Mahsulotlar Afg‘oniston, Saudiya Arabistoni va MDH davlatlariga eksport qilinadi.
Hozir bu yerda 90 kishi mehnat qilmoqda. Korxonaning keyingi bosqichlari ishga tushirilgach, ular soni 150 ga yetadi.
Shu o‘rinda ushbu tumanda amalga oshirilgan yana bir loyiha – “Farish agro valley” mas’uliyati cheklangan jamiyatida 1000 bosh naslli echki boqishga mo‘ljallangan zamonaviy ferma qurilishi ham hudud uchun g‘oyat muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlash lozim. Loyihani amalga oshirish uchun 11,5 milliard so‘m sarflanadi.
– Mamlakatimizda hududi jihatidan eng yirik tumanlardan biri bo‘lgan Forishda yaqin yillargacha birorta yirik korxona yo‘qligi iqtisodiyotni rivojlantirish, ayniqsa, aholi bandligini ta’minlashda jiddiy muammmo bo‘lib kelayotgan edi, – deydi mehnat faxriysi Erkin Qozoqov. – Chekka tumanda keyingi bir yilda 2 yirik, 10 dan ziyod o‘rta va kichik ishlab chiqarish korxonasi qurilib, ishga tushirildi. Bu korxonalarda bizning o‘g‘il-qizlarimiz ishlamoqda. Bir yilda hayratlanarli ishlar amalga oshirildi. Ularni bir aylanib ko‘rish u yoqda tursin, hatto shunchaki sanab chiqishning o‘ziga ham ancha vaqtingiz ketadi. Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan bu kabi ishlar xalqimiz turmushini yanada yaxshilashga xizmat qilayotir.
Ko‘p yillar shu tumanda birinchi rahbar bo‘lib ishlagan, katta hayotiy tajribaga ega oqsoqolning bu gaplari ayni haqiqat. Ha, ko‘z o‘ngimizda yuz berayotgan o‘zgarishlar, qad rostlayotgan gigant korxonalar rostdan ham hayratlanarli.
O‘zbekistonda tadbirkorlik uchun yaratilgan imkoniyatlar va qulay ishbilarmonlik muhiti tufayli bunday hayratlanarli bunyodkorlik ishlari ko‘paymoqda. Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar istiqboliga ishonchi ortayotgan xorijlik ishbilarmonlar uzoq istiqbolga mo‘ljallangan yirik loyihalarni hayotga tatbiq etishda dadil sherikchilik qilmoqda.
Masalan, Jizzax shahrida “SILK EXPERT prcessing” xom ipak yetishtirish va qayta ishlashga ixtisoslashgan O‘zbekiston – Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasi mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyoti istiqboliga xorijlik ishbilarmonlarning katta ishonch bilan qarayotganiga dalildir.
Loyiha qiymati 5 million dollar bo‘lgan korxona bitkazilgach, birinchi bosqichda yiliga 144 tonna quruq pillani qayta ishlash quvvatiga ega bo‘ladi. 2021 yilga borib bu ko‘rsatkich 576 tonnaga yetkazilishi mo‘ljallangan.
Yetishtirilgan xomashyoni yuz foiz qayta ishlash yo‘lga qo‘yiladi. 2021 yilda ushbu xomashyoning 60 foizidan xom ipak, 10 foizidan ip-kalava, 30 foizidan mato ishlab chiqariladi.
Mamlakatimiz ipakchilik sanoati rivojida yana bir muhim qadam bo‘ladigan yangi qo‘shma korxona aholi bandligini ta’minlashga ham salmoqli hissa qo‘shadi. Yangi korxonada 240 kishi doimiy ish o‘rni bilan ta’minlanadi.
Bular Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning viloyatga o‘tgan yili tashrifi davomida bergan ko‘rsatmalari asosida amalga oshirilgan yirik loyihalardan ayrimlari, xolos. Umuman, davlatimiz rahbari tashrifidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 31 maydagi Jizzax viloyatida ishlab chiqarish tarmoqlarini rivojlantirishni tubdan jadallashtirish, tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirishning yangi yondashuvlari va metodlarini sinab ko‘rishga doir kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq, amalga oshirilgan o‘rta hamda kichik loyihalarning umumiy soni 1000 dan ziyod.
Viloyat iqtisodiy taraqqiyoti, aholi farovonligiga muhim hissa bo‘lib qo‘shilayotgan bunday yaratuvchilik, bunyodkorlik ishlariga barcha sohalardan, barcha shaharu qishloqlardan ko‘plab misollar keltirish mumkin.
“Zomin-Farm” maxsus iqtisodiy zonasi tarkibidagi korxonalar, G‘allaorol tumanidagi “Marjon global” mas’uliyati cheklangan jamiyatida dorivor giyohlarni qayta ishlash bo‘yicha amalga oshirilgan loyihalar yoki “Deya” brendi ostida 50 dan ortiq turdagi qandolat mahsulotlari ishlab chiqarayotgan Jizzax shahridagi “Bonu shirinliklari” mas’uliyati cheklangan jamiyatining hududiy eksportga qo‘shayotgan hissasi davlatimiz rahbarining e’tibori tufayli ekanini alohida qayd etish lozim.
Yana gap ana shunday bunyodkorlik, yaratuvchilik haqida borar ekan, viloyatda yengil sanoatning izchil rivojlanyotgani natijasida hududda yetishtirilgan paxtaning 40 foizi shu yerning o‘zida qayta ishlanib, olinadigan daromad salmog‘i bir necha barobar ortgani hududni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etayotganini ham ta’kidlash zarur. Kelgusi ikki yilda yetishtirilgan paxta hosilining hammasini viloyatning o‘zida ip-kalavaga aylantirish, ushbu xomashyoning 85 foizidan tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish mo‘ljallanayotgani yanada quvonarlidir.
“Xalqni tadbirkor qilish” shiori ostida tijorat banklari tomonidan qishloq joylarda tadbirkorlikni rivojlantirishda ichki imkoniyatlardan samarali foydalanish, kichik biznes subyektlarini sifatli, qulay, ishonchli resurslar bilan ta’minlash borasidagi ishlar ham tizimli yo‘lga qo‘yilmoqda. Bunda Prezidentimiz tashrifi davomida faoliyati bilan tanishib, tegishli ko‘rsatmalar bergan Jizzax shahridagi “Tadbirkorlikka ko‘maklashish markazi”da tashabbuskor, izlanuvchan yurtdoshlarimizga huquqiy maslahat va konsalting xizmati ko‘rsatilayotir.
Viloyatda, shuningdek, 2017-yil investitsiya dasturiga muvofiq, 60 ijtimoiy soha inshooti qurilishi olib borildi. Aholini imtiyozli shartlar asosida uy-joy bilan ta’minlash izchil amalga oshirilmoqda. 2017-yilda nogironlar, harbiylar, profilaktika inspektorlari, aholining barcha toifalari uchun 900 namunali arzon uy qurib berildi. Bu g‘amxo‘rliklar odamlarning hayotdan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qilmoqda.
2017-yilda amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari tufayli viloyat markazi – Jizzax shahri va tuman markazlari yanada zamonaviy, ko‘rkam qiyofa kasb etdi. Markaziy ko‘chalar kengaytirilib, zamonaviy arxitektura talablari asosida ko‘p qavatli uy-joylar, savdo va xizmat ko‘rsatish majmualari, muhtasham sport va madaniyat maskanlari, bolalar maydonchalari bunyod etildi.
Jizzax viloyatida odamlarda bugungi hayotidan rozilik, ertangi kunga ishonch tuyg‘usini yuksaltirishga xizmat qiladigan bunday qurilish, yaratuvchilik, yangilanish ishlari davom etayotir.