O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Jizzaxda “Sayyor kitob karvoni” haftaligi boshlandi
2018-01-24 | Jamiyat
Kitob targ‘iboti va O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan “Sayyor kitob karvoni” deb nomlangan kitob haftaligi tadbirlari Jizzax viloyatida ham o‘tkazilmoqda.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tavalludining 80 yilligi munosabati bilan buyuk davlat va siyosat arbobi faoliyatiga bag‘ishlangan videofilm namoyish etildi. Ko‘rgazmada Birinchi Prezidentimiz asarlari namoyish qilindi.
Nashriyotlar, kitob savdosi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar, axborot-kutubxona va axborot-resurs markazlari tomonidan yurtimiz nashriyotlarida chop etilgan yangi kitoblar ko‘rgazmasi, yoyma do‘konlarda kitob savdosi tashkil etildi.
– Ushbu haftalik yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim qismi sifatida o‘tkazilmoqda, – deydi Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari B.To‘xtamishev. – Tadbirlarda aholi, ayniqsa, yoshlarning kitobga qiziqishini oshirish, ularda mutolaa madaniyatini yuksaltirish, bu jarayonga viloyatning barcha hududlarini keng qamrab olishga e’tibor qaratilmoqda. Haftalik doirasida barcha tumanlarda taniqli adiblar bilan uchrashuvlar, yangi kitoblar taqdimotlari, ko‘rgazmalari, savdo yarmarkalari o‘tkaziladi. Kitob, badiiy ijod targ‘iboti, kutubxonalar faoliyati haqidagi videofilmlar namoyish etiladi.
Tadbir doirasida o‘tkazilayotgan “Kutubxonaga kitob sovg‘a qilaman” xayriya aksiyalarida to‘plangan kitoblar chekka qishloqlarda ko‘chma kutubxonalar tashkil etish uchun berilayotir.
Tadbir doirasida o‘tkazilgan “Kutubxonaga kitob sovg‘a qilaman” xayriya aksiyasida shaxsiy kutubxonaga ega kitobxonlardan 424 kitob to‘plandi. To‘plangan kitoblar olis qishloqlarda ko‘chma kutubxonalar tashkil etish uchun berildi. Tadbirlarda faol qatnashganlarga tashkilotchilar tomonidan kitoblar sovg‘a qilindi.
Kitob haftaligi tadbirlari barcha tumanlarda bo‘lib o‘tmoqda.