O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Yuqori texnologiyalar – har bir sohaga

2015-04-23 | Texnologiyalar

Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasida "Central Asia – 2015: fan, ta'lim, madaniyat va biznesda internet va axborot-kutubxona resurslari" mavzusida IX xalqaro konferensiya boshlandi.

Konferensiya Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo'mitasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Anjuman fan, ta'lim, madaniyat va biznes sohasida elektron axborot resurslarini qo'llash va rivojlantirish borasidagi hamkorlikni faollashtirishga qaratilgan. Unda O'zbekiston, AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Chexiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Rossiya, Ozarbayjon, Qozog'iston, Ukraina va boshqa mamlakatlarning axborot-kutubxona muassasalari xodimlari, o'quv yurtlari, nashriyot va axborot texnologiyalari kompaniyalari vakillari ishtirok etmoqda.

Xalqaro konferensiyada Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Asadjon Xo'jayev iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning barcha tarmoqlariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilayotgani mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirishning muhim omillaridan biri ekanini ta'kidladi.

Mamlakatimiz Milliy axborot-kommunikatsiya tizimi ko'plab tartib-taomillarni soddalashtirish va ularning samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Masalan, "elektron hukumat" tizimi tadbirkorlik subyektlari va aholiga davlat xizmatlari ko'rsatishda har tomonlama qulayliklar yaratib, mablag' va vaqtni tejashga xizmat qilmoqda.

Biznes uchun ham keng imkoniyatlar yaratilayotir. Zamonaviy texnologiyalar tadbirkorlik subyektlarini internet orqali ro'yxatdan o'tkazish, shuningdek, hisobotlar topshirish, bojxona tartib-taomillaridan o'tish va ishxonadan chiqmagan holda kredit olish imkonini bermoqda. Ayni paytda tadbirkorlik subyektlarining 98 foizga yaqini internet orqali soliq va statistik hisobotlarni topshirib, bojxona deklaratsiyalarini rasmiylashtirmoqda.

Konferensiyaning dastlabki kunida ilm-fan, ta'lim va madaniyatni rivojlantirishda axborot-kutubxona faoliyatining roli va ahamiyati, axborot-kutubxona muassasalarining nashriyotlar, arxiv va muzeylar bilan hamkorligi, ushbu muassasalardan foydalanuvchilarning axborot madaniyati hamda media savodxonligini shakllantirish masalalariga bag'ishlangan yig'ilishlar o'tkazildi.

Anjuman ishtirokchilari mamlakatimizda aholi, birinchi navbatda, yosh avlodning intellektual ehtiyojlarini qondirish, shuningdek, madaniy va ma'naviy-axloqiy qadriyatlarni asrab-avaylash bo'yicha yangi axborot-resurs markazlari tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar bilan tanishtirildi.

Bugun mamlakatimiz oliy o'quv yurtlari "ZiyoNet" milliy ta'lim tarmog'iga ulangan optik tolali aloqa va yuqori tezlikka ega internet bilan ta'minlangan. Yagona axborot-kutubxona tizimi joriy etilib, unga 300 mingdan ortiq darslik, qo'llanma va boshqa o'quv adabiyotlarining bibliografik ma'lumotlari kiritilgan.

Prezidentimizning 2011-yil 23-fevraldagi "2011-2015-yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari negizida axborot-kutubxona va axborot-resurs xizmatlari ko'rsatishni sifat jihatidan rivojlantirishni davom ettirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan Respublika yig'ma elektron katalog markazi axborot-kutubxona muassasalarida yaratilayotgan bibliografik yozuvlarni to'plash orqali O'zbekiston Respublikasining yig'ma elektron katalogi bazasini shakllantirish bilan shug'ullanmoqda. Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasi negizida faoliyat yuritayotgan va yuqori texnologiyali uskunalar bilan jihozlangan ushbu markaz avtomatlashtirilgan yagona axborot-kutubxona tizimiga ega. Bu yerda tashkil etilgan axborot-kutubxona fondini saqlashning avtomatlashtirilgan tizimi xalqaro talab va normalarga to'liq mos keladi.

– O'zbekiston axborot-kommunikatsiya va nashriyot-matbaachilik sohasida katta salohiyatga ega, – deydi Arba Falaziy (Birlashgan Arab Amirliklari). – O'zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlariga ilg'or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining keng joriy etilayotgani menda katta taassurot qoldirdi. Bu samarali va o'zaro manfaatli xalqaro hamkorlik uchun qulay imkoniyatlar yaratadi.

Konferensiyaning ikkinchi kunida bo'lib o'tadigan sho'ba yig'ilishida zamonaviy axborot texnologiyalari muhitida kutubxonani rivojlantirishning o'ziga xos jihatlari, dunyoning yirik kutubxonalaridagi innovatsion yechimlar xususida ma'ruzalar tinglanadi. Mutaxassislar elektron kutubxonalarni rivojlantirishning muhim xalqaro tendensiyalari va axborot-kutubxona sohasida foydalanilayotgan yangi raqamli texnologiyalarni muhokama qiladi.

Xalqaro konferensiya dasturidan seminarlar, mahorat saboqlari, davra suhbatlari, yozuvchi va jurnalistlar bilan ijodiy uchrashuvlar, Toshkentdagi axborot-kutubxona muassasalarida sayyor yig'ilishlar o'tkazish ham o'rin olgan.

Поделиться