O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Akademiyaning yangi qiyofasi
2018-01-22 | Jamiyat
Qurolli Kuchlar akademiyasida harbiy qism komandirlari va ularning o‘rinbosarlari ishtirokida ekskursiya hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Ta’kidlash kerakki, mamlakatimiz Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurti shonli an’analarini davom ettirgan holda uning negizida qayta tashkil etilgan Qurolli Kuchlar akademiyasi bugungi kunda yuqori bo‘g‘in qo‘mondonlik ofitserlarini tayyorlash va milliy armiyamiz saflariga har tomonlama yetuk yosh ofitserlarni yetkazib berish hamda mudofaa qurilishi sohasida ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarni amalga oshirishda muhim o‘rin egallab kelmoqda.
Butunlay zamonaviy qiyofa kasb etgan akademiyada ta’lim jarayoniga eng yangi usul va texnologiyalar joriy etilgan. O‘quv xonalari va auditoriyalar zamon talablariga mos trenajyorlar, o‘quv va laboratoriya uskunalari va kompyuter vositalari bilan jihozlangan. Qisqacha aytganda, ta’lim muassasasida to‘liq zamon andazalariga javob beradigan shart-sharoitlar bilan tadbir ishtirokchilari to‘laqonli tanishdilar.
– Harbiy ta’lim sohasini takomillashtirish, bilim berishda innovatsion vositalar va o‘quv-qurollarni qo‘llash, o‘quv-moddiy bazani yangilash, ta’lim sifatini oshirish va zamonaviy andazalarga javob berishini ta’minlash masalalariga davlatimiz mudofaa qudratini yuksaltirishga xizmat qiluvchi muhim omil sifatida qaralishi bejiz emas. Oliy harbiy ta’lim muassasalari kadrlarni tayyorlash milliy dasturi asosida joriy etilgan uzluksiz ta’lim tizimida ofitser kadrlarni tayyorlashning muhim bo‘g‘ini sanaladi. Ushbu tadbirdan biz ishtirokchilar tajriba almashish, xulosalarni umumlashtirish uchun bir imkoniyat sifatida unumli foydalanishga harakat qilayapmiz, – deydi podpolkovnik Xoliyor Qoraboyev.
Tadbir ishtirokchilariga taniqli aktyorlar tomonidan mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi mardonavor kurashgan Jaloliddin Manguberdi jasorati aks etgan “Jaloliddin Manguberdi” spektakli namoyish etildi.
Mudofaa vazirining o‘rinbosari polkovnik Azizbek Ikromov harbiy qism komandirlari va ularning o‘rinbosarlari bilan ochiq muloqot o‘tkazib, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev tomonidan Vatan himoyachilari oldiga qo‘yilayotgan dolzarb vazifalarga yana bir bor to‘xtalib o‘tdi. Harbiy qism va muassasalarda yechimini topishi qiyin masalalarni tingladi. Nostandart uchrashuv davomida konstruktiv suhbat o‘tkazdi. Ularning har biriga muhim qo‘llanma sifatida foydalaniladigan kitoblar va esdalik sovg‘alarini topshirdi.