O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yoshlarga e’tibor – taraqqiyotimiz garovidir
2018-01-22 | Jamiyat
Joriy yilning 19 yanvar kuni Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 12 dekabrdagi (01-07/1-2987-son) “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash bo‘yicha tadbirlar rejasi”ga asosan Islom Karimov nomidagi Davlat stipendiyasi sovrindorlari hamda Toshkent shahridagi o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari bitiruvchilari bilan uchrashuv tashkil etilib, mazkur jarayon ochiq mashg‘ulotlar tarzida o‘tkazildi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan hamkor tashkilotlar ishtirokida tashkil etilgan mazkur tadbirda Islom Karimov nomidagi xayriya jamoat fondi vakillari va oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning ibratli hayoti, yurt ravnaqi va mamlakat kelajagi uchun har qanday to‘siq hamda qiyinchiliklarni yengib o‘tishdagi mardonavor sa’y-harakatlari haqida so‘zlab berildi.
Tadbir davomida Islom Karimov haykali poyiga gul qo‘yish marosimi, uning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan foto va kitoblar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi rahbari T.Shirinov, O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining rafiqasi T.Karimova, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarining birinchi o‘rinbosari, pedagogika fanlar doktori M.Quronov, O‘zbekiston Respublikasining sobiq mudofaa vaziri, iste’fodagi general-polkovnik R.Axmedov, Islom Karimov stipendiyasi sovrindorlari O‘zMU talabasi Sh.Ibragimov, FarDU talabasi I.Erkinovlar o‘z chiqishlari bilan ishtirok etishdi.
Stipendiya sovrindori bo‘lgan talabalar tomonidan qilingan ma’ruzalar tadbirda tomoshabin sifatida ishtirok etgan o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining o‘quvchilari tomonidan iliq kutib olindi hamda mamlakatimizda hech kimdan kam bo‘lmagan avlodni voyaga yetkazish, yosh iqtidor sohiblarini yuzaga chiqarish, shuningdek ularni rag‘batlantirishga berilayotgan alohida e’tiborga nisbatan faxr tuyg‘ularini uyg‘otdi.
Tadbir davomida “O‘zbekiston Mustaqilligining asoschisi” nomli hujjatli filmi namoyish etildi, shuningdek, V.Uspenskiy nomidagi Respublika musiqaga ixtisoslashgan akademik litseyining xalqaro tanlovlar g‘olib bo‘lgan o‘quvchilari o‘zlarining musiqiy chiqishlari bilan ishtirok etishdi.