O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Nuroniylar e’zozimizda
2015-04-23 | Jamiyat
Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan poytaxtimizdagi Respublika urush va mehnat faxriylari pansionatida Keksalarni e'zozlash yili va 9-may – Xotira va qadrlash kuniga bag'ishlab «Nuroniylar e'zozimizda» deb nomlangan tadbir o'tkazildi.
Unda Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Ye.Kanyazov, pansionat direktori T.Eshiev va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida aholini ijtimoiy muhofaza qilish borasidagi keng ko'lamli islohotlar jarayonida yoshi ulug' yurtdoshlarimizga hurmat-ehtirom ko'rsatish, ularni har tomonlama qo'llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratilayotganini ta'kidladi.
Mamlakatimizda faxriylarga g'amxo'rlik ko'rsatish, ularning hayot darajasi va sifatini oshirish, tabarruk keksalarimizning boy tajribasi va o'gitlaridan yosh avlodni vatanparvarlik, mehnatsevarlik, mehr-oqibat ruhida tarbiyalashda foydalanish ijtimoiy-ma'naviy islohotlarning uzviy qismini tashkil etadi. Bu jihatlar Xotira va qadrlash kuni arafasida o'tkazilayotgan tadbirlarda yanada yaqqolroq namoyon bo'lmoqda. Ushbu tadbirlarda bugungi tinch-osoyishta, dorilomon kunlarda biz bilan birga umrguzaronlik qilayotgan faxriylarimizga har tomonlama yuksak ehtirom ko'rsatilib, ular moddiy va ma'naviy qo'llab-quvvatlanmoqda.
Tadbirda davlatimiz rahbarining 2015-yil 19-fevraldagi "O'zbekiston Respublikasi fuqarolari – 1941-1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini "Ikkinchi jahon urushidagi G'alabaning 70-yilligi" esdalik yubiley medali bilan mukofotlash to'g'risida"gi hamda 2015-yil 6-martdagi "1941-1945-yillardagi urush qatnashchilarini rag'batlantirish to'g'risida"gi farmonlariga asosan pansionatdagi nuroniylarning bir guruhiga medal va pul mukofotlari tantanali ravishda topshirildi.
– Og'ir va mashaqqatli yillarda oriyatli xalqimiz bugungi tinch-osoyishta, farovon kunlarni orzu qilib yashadi, – deydi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Muhammad Husainov. – Bugun erkin va obod yurtimizda hurmat-izzatdamiz. Prezidentimiz Islom Karimov nomidan "Ikkinchi jahon urushidagi G'alabaning 70-yilligi" esdalik yubiley medali bilan taqdirlanganimda shu o'ylar xayolimdan o'tdi. Talabalarning qutlovidan ko'nglim tog'dek ko'tarildi. O'zimni yasharganday, navqiron davrimdagiday his etdim.
Uchrashuv davomida keksalar mustaqillik, tinchlik-xotirjamlik, farovon turmush xalqimizning eng bebaho boyligi ekani, uning qadriga yetish, barcha sohalardagi islohotlarda faol ishtirok etish, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanish zarurligini qayd etdi.
Tadbirda tinchlik va mustaqil Vatanimiz haqida she'rlar aytildi. Kuy-qo'shiqlar hamda raqslar nuroniylarga bayramona kayfiyat ulashdi.