O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Advokatlar tajriba almashdi
2015-04-23 | Jamiyat
Samarqandda "Advokaturaning dolzarb masalalari: milliy va xalqaro tajriba" mavzusida xalqaro anjuman bo'lib o'tdi.
O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda Germaniyaning xalqaro huquqiy hamkorlik jamg'armasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda O'zbekiston Advokatlar palatasi a'zolari, hududiy advokatlik idoralari vakillari qatnashdi.
Anjumanda bugungi kunda dunyo miqyosida inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda advokatura institutining o'rni va roli tobora oshib borayotgani ta'kidlandi. Bu boradagi milliy qonunchilik xalqaro standartlardan kelib chiqib, takomillashtirilmoqda.
– Konstitutsiyamizning 116-moddasida fuqarolarga, korxona, muassasa va tashkilotlarga yuridik yordam berish uchun advokatura faoliyat ko'rsatishi belgilab qo'yilgan, – deydi O'zbekiston Advokatlar palatasi raisi Ravshan Ahmedov. – Bu qoida va boshqa tartiblar O'zbekiston Respublikasining "Advokatura to'g'risida" hamda "Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to'g'risida"gi qonunlarida mustahkamlangan. Mamlakatimiz sud-huquq tizimini isloh qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida mazkur qonunlar va sohaga oid boshqa huquqiy-me'yoriy hujjatlar yanada takomillashtirilmoqda. Bunda ayniqsa, Prezidentimizning 2008-yil 1-mayda qabul qilingan "O'zbekiston Respublikasida Advokatura institutini yanada isloh qilish chora-tadbirlari to'g'risida"gi farmoni muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur farmonda belgilangan vazifalar asosida O'zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi tashkil etildi. Bugungi kunda Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida palataning hududiy boshqarmalari faoliyat ko'rsatmoqda.
Seminarda 2008-yil 31-dekabrda qabul qilingan "Advokatura instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi qonunining ahamiyati haqida ham so'z yuritildi.
Tadbirda ishtirok etgan Germaniya Federativ Respublikasi Adliya va iste'molchilar huquqini himoya qilish federal vazirligi fuqarolik protsessual huquqi bo'limi xodimi, sudya Yorg Baak, Brandenburg federal yeri advokatlar palatasi prezidenti Frank Engelmann O'zbekistonda avdokatura institutini rivojlantirish borasidagi sa'y-harakatlarni yuqori baholab, Germaniyada advokatlik faoliyatining huquqiy asoslari, boshqaruv tizimi, soha uchun huquqshunos kadrlar tayyorlash haqida so'zlab berdi.
Seminar davomida yurtimiz advokatlari germaniyalik hamkasblari bilan o'zaro tajriba almashib, jinoyat va fuqarolik ishlarida advokatlarning ishtiroki masalalari yuzasidan mahorat mashg'ulotlarida qatnashdilar. Shuningdek, Samarqand viloyatidagi ayrim advokatlik idoralari va sudlar faoliyati bilan ham tanishdilar.