O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Prezidentimiz Sherobod tumaniga tashrif buyurdi
2018-01-19 | Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Sherobod tumanidagi “Evromed plus” xususiy diagnostika va davolash markazi faoliyati bilan tanishdi.
Mamlakatimizda xususiy tibbiyot rivojiga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida olis qishloqlar aholisiga ham zamonaviy, yuqori texnologik tashxis quyish va davolash imkoniyati yaratilmoqda.
Shu kecha kunduzda foydalanishga topshirilgan mazkur tibbiyot muassasasi kompyuter tomografi, raqamli rentgen, ultratovush tekshiruvi, videogastroskop, videokolpaskop uskunalari bilan jihozlangan. Shuningdek, bemorlarni ultratovush, elektr, magnit, lazer bilan davolash, umurtqa churralarini traksion cho‘zish yo‘llari bilan sog‘lomlashtirish imkoniyatlari mavjud.
Endilikda shoshilinch holatlarda bemorlar Termiz shahridagi tibbiy markazlarga borib kelish tashvishidan qutuldi. Agar 182 mingdan ortiq aholi istiqomat qiluvchi Sherobod, qo‘shni Muzrabot, Boysun, Angor, Qiziriq tumanlarida tez va aniq tashxis quyishda zarur bo‘lgan zamonaviy uskunalar yetishmasligini hisobga olsak, mazkur tibbiyot maskani faoliyatining dolzarbligi yanada namoyon bo‘ladi.
Ushbu markazda tibbiyot kollejlari o‘quvchilari uchun amaliyot markazi tashkil etilgan. Shuningdek, kelgusida jarrohlik amaliyotlarini bajarish ham yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari klinika imkoniyatlari bilan tanishar ekan, mazkur shifo maskani bilan poytaxtimizdagi “Akfa Medlayn” klinikasi o‘rtasida hamkorlikni, tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi.
Shavkat Mirziyoyev tumanning Taroqli mahallasida ham bo‘lib, “Pokiza” maktabgacha ta’lim nodavlat muassasasi faoliyati bilan tanishdi.