O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Asosiy maqsad soliq qonunchiligidagi yangiliklardan xabardor qilish

2018-01-19 | Jamiyat

Xorazm viloyati davlat soliq boshqarmasi tomonidan viloyat hokimligi, prokuratura, adliya, bojxona boshqarmalari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi soliq va byudjet siyosatining 2018 yilgi asosiy yo‘nalishlaridan kelib chiqib soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar va matbuot anjumani tashkil etildi.

Seminar yig‘ilishni tashkil etishdan asosiy maqsad O‘zbekiston Respublikasi soliq va byudjet siyosatining 2018 yilgi asosiy yo‘nalishlaridan kelib chiqib soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar mazmun-mohiyatini viloyatimiz aholisi va tadbirkorlik subyektlariga yetkazishga qaratildi.

Tadbirda viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i J.Temurov so‘zga chiqib, o‘z ma’ruzasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi barcha sohalarda tub o‘zgarishlarni amalga oshirishda eng muhim va yangi bosqichni boshlab berganligi, xususan, “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilingan 2018 yilda ham soliq siyosatini amalga oshirishda keskin chora-tadbirlardan voz kechilishi, barcha biznes toifalari uchun soliqqa tortishni soddalashtirish va soliq yukini kamaytirish, shu asosda ishlab chiqarishni va soliqqa tortiladigan bazani kengaytirish zarurligi haqida to‘xtalib o‘tdi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2017 yil 29 dekabrda “O‘zbekiston Respublikasining 2018 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida”gi PQ-3454-sonli qaror va “Soliq va byudjet siyosatining 2018 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining 3 ta Qonuni qabul qilindi, Soliq kodeksining 47 ta moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

– Bugungi seminar yig‘ilishda viloyatimiz tadbirkorlari uchun joriy yildan soliq sohasidagi qonunchilikka kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Xususan. 2018 yil 1 yanvardan boshlab foyda solig‘i hamda obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i birlashtirilib, soliq stavkasi 15,5 foiz o‘rniga 14 foiz qilib belgilanganligi, byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga, Respublika yo‘l jamg‘armasiga hamda Ta’lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasiga majburiy ajratmalar, yagona to‘lov turiga – davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalarga birlashtirildi va umumiy soliq stavkasi 3,5 foizdan 3,2 foizgacha pasaytirildi. Yagona soliq to‘lovi bo‘yicha 2017 yildagi soliq stavkalari saqlanib qoldi hamda tayyorlov tashkilotlari faoliyati ulgurji savdoga tenglashtirildi va soliq stavkasi tovar aylanmasidan 4 foiz miqdorida belgilandi, deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Shuhrat Saidov.

– 2016 yilda tashkil etilgan xususiy korxonamiz pishgan g‘isht ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, deydi “Boyot g‘isht” xususiy korxonasi rahbari Qahramon Sultonov. Dastlab 30 nafar bilan ishchi bilan faoliyatimizni boshlagan bo‘lsak, hozirda 50 nafar mahalliy yigit qizlarni bandligini ta’minladik. Bugungi tadbir menda katta taassurot qoldirdi. Ushbu seminarda faoliyatimiz davomida zarur bo‘ladigan axborotlar, soliq qonunchiligiga kiritilgan yangilik va o‘zgartishlar, jumladan 2018 yilda tadbirkorlarga berilgan yengillik va imtiyozlar haqida o‘zimiz uchun zarur bo‘lgan axborotlarga ega bo‘ldik. Shuni aytishim kerakki, yildan-yilga bunday imkoniyatlarning kengaytirib borilayotgani tadbirkorlarning faoliyatini yanada rivojlanishida amaliy yordam beradi.

– O‘tgan 2017 yilda soliq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoni haqidagi ma’lumotlarni keng jamoatchilikka havola etishga harakat qildik. Joriy yilda ham mazkur sohadagi yangiliklarni o‘z vaqtida yurtdoshlarimizga ochiq, oshkora va xalqchil tilda yetkazishni rejalashtirganmiz. Bu kabi seminarlarning tashkil etilishi nafaqat, jamoatchilikning huquqiy bilim va ko‘nikmalarini oshirishda, balki davlat tashkilotlari bilan ommaviy axborot vositalari o‘rtasida ijodiy hamkorlikni mustahkamlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi, - deydi “O‘zbekiston - 24” telekanali viloyat muxbiri Intizor Matchanova.

Tadbir davomida namuna ko‘rsatib, faoliyati davomida soliqlarni o‘z vaqtida to‘lab kelayotgan, qonunga itoatkor bir guruh jismoniy va yuridik shaxslar, shuningdek, soliq qonunchiligidagi yangiliklarni tadbirkorlik subyektlari va aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilishdagi faolligi uchun ommaviy axborot vositalari vakillariga viloyat davlat soliq boshqarmasining Faxriy yorliqlari topshirildi.

Ko‘rgazmali seminar yig‘ilishda viloyat hokimi I.Sobirov ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida soliq sohasida soliq monitoringi, soliq ta’tili va insofli soliq to‘lovchi kabi yangi atamalar kiritildi. .

Bu o‘z navbatida, soliq to‘lovchilar tomonidan soliq majburiyatlarini bajarishda yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan xato va kamchiliklarning oldini olish, soliq ma’muriyatchiligi bilan bog‘liq munozarali masalalarni tezda hal qilish, penya va jarimalar yozilishi tufayli moliyaviy ahvolning yomonlashuviga olib keladigan vaziyatlarni bartaraf etish imkoniyatini beradi.

Soliq qonunchiligiga oid yangiliklarni o‘zida jamlagan ko‘rgazmali stendlar va tarqatma materiallar tadbir ishtirokchilari uchun yanada keng ma’lumot olish imkoniyatini yaratdi. Shuningdek, yig‘ilish davomida ishtirokchilar tomonidan taqdim etilgan savollarga mutasaddi tashkilot va idoralar mas’ul xodimlari tomonidan batafsil javoblar berildi.

 

Dilrabo KURYAZOVA

Поделиться