O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sog‘liqni saqlash vazirligi: tezkor tibbiy guruh Qozog‘istonga uchib ketdi
2018-01-19 | Sog‘liqni saqlash
18 yanvar kuni Qozog‘istonning Aktobe viloyatida, Toshkent vaqti bilan 09:30 atrofida, “Samara—Chimkent” yo‘nalishida harakatlanayotgan avtobus halokatga uchradi. Avtobusda 57 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Yo‘lovchilarning 52 nafari voqea joyida vafot etgan, 5 nafar kishi jarohatlangan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ular orasida O‘zbekiston fuqarolari ham bor.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligida halokat oqibatida jabrlangan fuqarolarga tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha tezkor tibbiy guruh tashkil etildi va guruh Qozog‘iston Respublikasiga uchib ketdi. Kambustiolog, anesteziolog-reanimatolog, sud-med ekspert va psixolog kabi malakali shifokorlardan tarkib topgan ushbu guruhga Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori Asilbek Xudayarov boshchilik qilmoqda. Tezkor tibbiy guruh zarur vositalar, dori-darmon zaxiralari bilan yetarli darajada ta’minlangan.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida halokat oqibatida jabrlanganlarga yuqori malakali tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zaxira o‘rinlari tayyorlandi.