O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Parlament va deputatlik nazorati
2015-04-22 | Jamiyat
Qonun va dasturlar ijrosi, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga xizmat qiladi
Samarqandda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo'mitasi tomonidan "Yangi ijtimoiy-siyosiy sharoitlarda parlament va deputatlik nazorati samaradorligini oshirishning dolzarb masalalari: qonunchilik va huquqni qo'llash amaliyoti" mavzusida mintaqaviy seminar o'tkazildi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2015-yilga va kelgusi yillarga mo'ljallangan Harakat dasturi doirasida tashkil etilgan tadbirda Senat a'zolari, xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi deputatlari va doimiy komissiyalari raislari, O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatdagi bir qator boshqarma va idoralar, korxona va tashkilotlar vakillari qatnashdi.
Oliy Majlis Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo'mitasi raisi B.Matmuratov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish va jamiyatni demokratlashtirish jarayonida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirishda parlamentning roli sezilarli darajada yuksalayotganini ta'kidladi. Bu esa qonunlar qanday ijro etilayotganini o'rganish va ularning amaliyotdagi samarasini aniqlashning ta'sirchan vositasi hisoblanadi.
– Parlament nazorati xalq hokimiyatchiligi tamoyilining ro'yobga chiqarilishini ta'minlaydi, – deydi qo'mita a'zosi, senator Zaynab Berdiyeva. – Chunki bu nazorat ochiq-oshkora, demokratik saylovlar natijasida shakllangan hokimiyat tarmog'i tomonidan amalga oshiriladi. Bunda, ayniqsa, senatorlarning xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari hamda ularning doimiy komissiyalari bilan hamkorlikda ish olib borishi katta ahamiyatga ega. Chunki parlamentda, eng avvalo, mintaqalar manfaatini ifoda etuvchi senatorlar joylarda qonunlarning, hududlarni sotsial-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy rivojlantirishga doir eng muhim davlat dasturlarining ijrosini o'rganishda, qonunlar ustida ishlayotganda mahalliy Kengashlar faoliyatiga tayanadi.
Seminarda yangi ijtimoiy-siyosiy sharoitlarda huquqni qo'llash amaliyoti samaradorligini oshirishda parlament va mahalliy Kengashlarning tutgan o'rni va bu boradagi xorijiy tajriba, parlament nazorati samaradorligini oshirishning qonunchilik asoslari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyatida deputatlik nazoratidan foydalanishning dolzarb masalalari, parlament va deputatlik nazoratini amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlarining roli kabi mavzularda ma'ruzalar tinglandi. Huquqni qo'llash amaliyoti sohasida parlament nazoratini kuchaytirish va huquqni muhofaza qilish organlari hamda boshqa davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatida qonuniylik, ochiqlik va oshkoralikni ta'minlash zarurligi qayd etildi.