O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bojxonada qanday imtiyozlar joriy etildi? Bu haqda navoiylik tadbirkorlar xabardor qilindi
2018-01-18 | Jamiyat
Navoiy viloyati bojxona boshqarmasi hamda viloyat hokimligi hamkorligida bojxona sohasida yaratilayotgan imtiyoz va qulayliklar, taqdim etilayotgan yengilliklar haqida tadbirkorlik subyektlarini keng xabardor qilish maqsadida amaliy seminar o‘tkazildi.
Unda, xususan, mutaxassislar tomonidan joriy yilning 1- yanvaridan eksport-import bilan shug‘ullanuvchi korxonalar uchun bojxona hamda soliq sohasida yaratilgan yengilliklar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
– Joriy yilning 1- yanvaridan xorijiy davlatlarda o‘tkaziladigan ko‘rgazma va yarmarkalarda ishtirok etadigan tadbirkorlik subyektlariga ham bir qator imkoniyatlar yaratilgani ular faoliyati rivojida muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘i B.Qutlimurodov. – Jumladan, Prezidentimizning 2017 yil 29 dekabrdagi “Xorijiy davlatlarda ko‘rgazma tadbirlarini o‘tkazish uchun mo‘ljallangan tovarlarni olib chiqish tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida qiymati 5 ming dollargacha bo‘lgan tovarlar eksport shartnomasi tuzmasdan hamda bojxona yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirmasdan chetga olib chiqilishi mumkin.
Seminarda, shuningdek, bojxona tizimida jismoniy shaxslar uchun yaratilgan imtiyozlar to‘g‘risida ham tushuncha berildi. Xususan, joriy yildan aholi tomonidan 2 ming dollargacha miqdordagi xorijiy valyutani yurtimizga olib kirishda yozma ravishda majburiy deklaratsiya taqdim etilmaydi. Bundan tashqari, endilikda 5 ming dollargacha bo‘lgan valyutani fuqarolarimiz O‘zbekiston hududidan tashqariga olib chiqishda faqat yozma deklaratsiya to‘ldiriladi. Xalqaro aeroportlarda ikki yo‘lakli tizim tashkil etilgani ham chet elga chiqish va mamlakatimizga kirishda fuqarolarning sarflaydigan o‘rtacha vaqti 2,5 soatdan 21 daqiqaga kamayishiga olib keldi.
Seminar doirasida ochiq muloqot tashkil etilib, tadbirkorlarni qiynayotgan muammolar muhokama qilindi. Import tovarlar hamda chet eldan keltirilayotgan uskunalarni viloyat hududidagi temir yo‘l bekatlarida qabul qilib olish, eksport qilinayotgan mahsulotlarni laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazishda qator muammolar borligi ta’kidlandi va ularning yechimi yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi.