O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Mamlakat iqtisodiyotining tarmoqlarini talab yuqori bo‘lgan mahsulot va xom ashyo turlari bilan barqaror ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida

2018-01-18 | Hujjatlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatda valyuta siyosatini liberallashtirish, real bozor kon’yunkturasini hisobga olgan holda narxni shakllantirishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, sog‘lom raqobat va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida kompleks chora-tadbirlar izchil ravishda amalga oshirilmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-yanvardagi “Mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini yanada ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5303-son Farmoniga muvofiq mamlakatga oziq-ovqat tovarlarini olib kirish bo‘yicha ayrim subyektlarga taqdim qilingan individual bojxona, soliq va boshqa imtiyozlar, shuningdek, boshqa preferensiyalarning bekor qilinishi nosog‘lom raqobat, ayrim mahsulot turlari importining monopollashtirilishi, narxning sun’iy oshirilishi, oqibatda, bu asosda asossiz foyda ko‘rishga ko‘maklashuvchi shart-sharoitlarga barham berish borasida muhim qadam bo‘ldi. 

Shu bilan birga, ba’zi tizimli muammolarning mavjudligi ko‘zlangan chora-tadbirlarni samarali amalga oshirishga to‘sqinlik qilmoqda, ayrim mahsulot va xom ashyo turlari taqchilligining yuzaga kelishiga, ular narxining spekulyativ o‘sishiga va tovar (ish, xizmat)larni ishlab chiqarishning rentabelligi pasayishiga olib kelmoqda. Xususan: 

birinchidan, ayrim mahsulotlar va xom ashyo resurslari turlarini mahalliy ishlab chiqarish hajmining yetarli emasligi zarur zaxirani shakllantirishni ta’minlash, mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini to‘liq ishga solish imkonini bermayapti, bu esa spekulyativ operatsiyalarga, oxir-oqibatda, talab yuqori mahsulot va xom ashyolar narxining o‘sishiga olib kelmoqda; 

ikkinchidan, yuqori likvidli mahsulotlar va xom ashyo resurslarini birja savdolarida realizatsiya qilishning samarali bozor mexanizmlarini joriy etishdagi kamchiliklar turli xil suiiste’molchiliklar uchun shart-sharoit yaratmoqda; 

uchinchidan, noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish faoliyatini litsenziyalashning murakkab tartib-taomillari qurilish materiallarini mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirishga va mazkur sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etishga to‘sqinlik qilmoqda; 

to‘rtinchidan, mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan yetarli hajmda ishlab chiqarilmaydigan, talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar va xom ashyo resurslari turlarini import qilishda bojxona bojlari stavkasining yuqoriligi ular taqchilligining yuzaga kelishiga va narxlarning asossiz o‘sishiga shart-sharoit yaratmoqda; 

beshinchidan, energiya samarador texnologiyalarni joriy qilgan korxonalar uchun rag‘batlantiruvchi mexanizmlarni ishlab chiqish muddatlarining cho‘zilishi tayyor mahsulot ishlab chiqarish xarajatlarini ko‘paytirmoqda. 

Iqtisodiyot tarmoqlarini talab yuqori bo‘lgan mahsulot, xom ashyo va materiallar turlari bilan barqaror ta’minlash, mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan yanada samarali foydalanish, shuningdek, iqtisodiyotni liberallashtirish sharoitida mahalliy korxonalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida: 

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-noyabrdagi “Yoqilg‘i-energetika resurslari hamda boshqa yuqori likvidli mahsulotlar bilan ta’minlash borasida raqobat muhitini takomillashtirish, suiiste’molchiliklar va talon-torojliklar sharoitini tugatish, to‘lov intizomini mustahkamlash, debitorlik va kreditorlik qarzlarini kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–3386-son qaroriga muvofiq 2018-yil 1-yanvardan boshlab monopolist korxonalar tomonidan 27 nomdagi yuqori likvidli mahsulotlarni faqat birja savdosi orqali bozor tamoyillari asosida sotish tartibi joriy etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin. 

2. Belgilab qo‘yilsinki: 

a) quyidagilar birja savdolarida realizatsiya qilinadi: 

ekstraksion benzin, mis katodi, mis katankasi, ikkilamchi alyuminiy, metall rux, chorva ozuqasi uchun bug‘doy – faqat tuman (shahar) hokimliklari xulosasiga muvofiq ularni keyinchalik qayta ishlash bo‘yicha ishlab chiqarish quvvatlariga ega bo‘lgan korxonalarga; 

texnik chigit – faqat mazkur qarorning 1-ilovasida ko‘rsatilgan va ushbu urug‘likni ishlab chiqarish joyida joylashgan “O‘zpaxtayog‘” AJning yog‘-moy korxonalariga; 

b) quyidagilar, istisno tariqasida, belgilangan narxlar asosida 
to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha realizatsiya qilinadi: 

avtomobil benzini – byudjet tashkilotlari va avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalariga; 

dizel yoqilg‘isi – byudjet tashkilotlari, davlat buyurtmasi bo‘yicha paxta xom ashyosi va g‘alla yetishtirib beruvchi fermer xo‘jaliklari, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, “Toshshahartransxizmat” AJ, maishiy chiqindilarni yig‘ish va olib ketish bo‘yicha davlat korxonalariga; 

ko‘mir – byudjet tashkilotlari, aholi va “O‘zbekenergo” AJ korxonalariga; 

aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlariga mo‘ljallangan paxta yog‘i – 10 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdordagi chakana ustamani o‘z ichiga olgan belgilangan narx bo‘yicha keyinchalik taqsimlash uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilangan ulgurji va chakana korxonalarga, davlat strategik zaxirasini shakllantirish uchun – belgilangan narx bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasiga; 

v) paxta tolasi uni qayta ishlash bo‘yicha ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan mahalliy to‘qimachilik korxonalariga birja savdolari orqali, “Davlat belgisi” DIChB, “O‘zpaxtasanoat” AJ va O‘zbekiston ko‘rlar jamiyati korxonalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi muassasalariga texnologik ehtiyoj va mavjud ishlab chiqarish quvvati doirasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha realizatsiya qilinadi; 

g) paxta chigiti sheluxasi va shroti amaldagi birja ustamalari va hajmlarni taqsimlash tartibi saqlangan holda birja savdolarida realizatsiya qilinadi. 

3. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda yuqori likvidli mahsulot turlarini realizatsiya qilish bo‘yicha tovar-xom ashyo birjalari faoliyatining o‘rganilishini, narxlar asossiz o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik, ishtirokchilarning birja savdolarida erkin qatnashishini ta’minlash, birja savdolarining elektron tizimlaridan ruxsatsiz foydalanishdan samarali himoya qilish bo‘yicha takliflar tayyorlashni tashkil etsin. 

4. Noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar berish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining komissiyasi tugatilib, noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziya berish vakolati O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasiga o‘tkazilsin. 

Belgilab qo‘yilsinki: 

noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalarni olish buyurtmalarini ko‘rib chiqish muddati 20 kungacha qisqartiriladi; 

noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziya olishda murojaat qiluvchining ustav fondiga qo‘yilgan talab buyurtma taqdim etilgan vaqtda qonunchilikda belgilangan eng kam oylik ish haqining 500 baravari miqdorini tashkil etadi; 

noruda foydali qazilmalarni qazib olish uchun kon ajratmalarini berish yer qa’ridan foydalanuvchilar tomonidan ishchi loyiha taqdim etilgan kundan boshlab 10 kun davomida amalga oshiriladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi bir oy muddatda noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar berishning yangilangan tartibi ishlab chiqilishi va o‘rnatilgan tartibda kiritilishini ta’minlasin. 

5. Mahalliy korxonalar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanish nazarda tutilgan o‘zida ishlab chiqarilgan tovar (ish, xizmat)larni yetkazib berishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bitimlar shartida norezidentlar bilan xorijiy valyutada shartnomalar tuzish tartibi bekor qilinsin. 

6. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi, Bosh prokuratura, “O‘zqurilishmateriallari” AJ Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda noruda foydali qazilmalar konlaridan foydalanilishini tanqidiy o‘rgansin hamda quyidagilarni ham nazarda tutgan holda ularni o‘zlashtirish samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar kiritsin: 

ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va muqobil energiya manbalarini joriy etish orqali, shu jumladan noruda foydali qazilmalarni qazib olish va qurilish materiallari ishlab chiqarishning energiya sig‘imini kamaytirish yo‘li bilan xarajatlarni optimallashtirish; 

muqobil qum-shag‘al konlarini tez sur’atlarda qazish va o‘zlashtirish; 

noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa’ri uchastkalari haqida tadbirkorlik subyektlarini keng xabardor qilish. 

7. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 28-dekabrdagi 1025-son qarori ilovasining 1-bandida ko‘rsatilgan tabiiy gaz iste’molchi tashkilotlarga nisbatan tabiiy gazni realizatsiya qilishda narx belgilashning alohida tartibi tatbiq etilmaydigan iste’molchilar uchun belgilangan amaldagi tarifga nisbatan 1,6 koeffitsiyent qo‘llanilgan holda to‘lash tartibi 2018-yil 1-aprelga qadar amalda bo‘ladi. 

“O‘zdavenergonazorat” va “O‘zdavneftgazinspeksiya” davlat inspeksiyalari, “Energiya tejash milliy kompaniyasi” AJ “O‘zstandart” agentligi va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda 2018-yil 15-fevralga qadar muddatda korxonalarga ular tomonidan qo‘llaniladigan texnologiyalar va asbob-uskunalarning energiya jihatdan samaradorlik ko‘rsatkichlariga muvofiqligi, shuningdek, yoqilg‘ining muqobil turlaridan foydalanish to‘g‘risida xulosalar berish tartibining ishlab chiqilishi va amalga kiritilishini ta’minlasin. 

8. “O‘zqurilishmateriallari” AJ, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, “O‘zbekenergo” AJ, “O‘ztransgaz” AJ, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari 2-ilovaga muvofiq qurilish materiallari asosiy turlarini ishlab chiqarish quvvatlarining foydalanishga topshirilishini ta’minlash choralarini ko‘rsin. 

9. 2019-yil 1-yanvarga qadar muddatga import qilishda bojxona to‘lovlari to‘lash bo‘yicha imtiyoz beriladigan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar bundan mustasno) mahsulot, xom ashyo va materiallar turlarining ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq ma’qullansin. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda talab yuqori bo‘lgan, birinchi navbatda, mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan yetarli hajmda ishlab chiqarilmaydigan mahsulot va xom ashyolarni ishlab chiqarishni jadal rivojlantirish dasturini tasdiqlasin. 

10. “Qishloq qurilish invest” IK MChJga yog‘och-taxta materiallari 
va tom yopish uchun temir listlarning eng yaxshilarini tanlab olish natijalari bo‘yicha tender savdolarini o‘tkazmasdan import kontraktlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi huzuridagi Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazida ekspertizadan o‘tkazgan holda ishlab chiqaruvchilardan mustaqil sotib olish huquqi berilsin. 

“Qishloq qurilish invest” IK MChJ yog‘och-taxta materiallari va tom yopish uchun temir listlarni import qilishda bojxona to‘lovlarini (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar bundan mustasno) va yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylarni qurish doirasida ularni bosh pudrat tashkilotlariga realizatsiya qilishda qo‘shimcha qiymat solig‘ini to‘lashdan ozod qilinsin. 

Belgilab qo‘yilsinki: 

“Qishloq qurilish invest” IK MChJ tomonidan yog‘och-taxta materiallari va tom yopish uchun temir listlarni bosh pudrat tashkilotlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha realizatsiya qilish rentabelligi 5 foizdan oshmagan narxda amalga oshiriladi; 

“O‘zsanoateksport” AJga yog‘och-taxta materiallari va tom yopish uchun temir listlarni import qilishda berilgan bojxona to‘lovlarini va ularni “Qishloq qurilish invest” IK MChJga realizatsiya qilishda qo‘shimcha qiymat solig‘ini to‘lashdan ozod qilish tarzidagi imtiyozlar ushbu qaror qabul qilingan kunga qadar imzolangan import kontraktlariga nisbatan qo‘llaniladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “Qishloq qurilish bank” ATB bilan birgalikda o‘n kun muddatda yog‘och-taxta materiallari va tom yopish uchun temir listlar importini moliyalashtirish manbalari va mexanizmlari bo‘yicha takliflar kiritsin. 

11. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2018-yil 1-iyulga qadar muddatda O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimi doirasida hisobga olish va hisobot jarayonini avtomatlashtirish, shuningdek, real vaqt rejimida “qurilish materiallarini qazib olish – tashish – saqlash – qayta ishlash – ishlab chiqarish – realizatsiya qilish” zanjiri bo‘yicha jarayonni kuzatib borish imkonini beruvchi Idoralararo hamkorlikning yagona integratsiyalashgan axborot tizimi joriy etilishini ta’minlasin. 

12. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 

13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B.Abdullayev zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                         Sh.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2018-yil 17-yanvar

Поделиться