O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkentga sayohat
2018-01-17 | Turizm
Kasaba uyushmalari, uyushmaning xotin-qizlar qo‘mitasi, “O‘zbekturizm” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamkorligida tashkil etilayotgan turli shaharlarga, diqqatga sazovor joylarga sayohatlar davomida sayyohlar yurtimizda olib borilayotgan islohotlar samarasi bilan yaqindan tanishmoqdalar, zamonaviy inshootlar, turar-joylar, to‘la ta’mirdan chiqarilgan ziyoratgoh va qadamjolar, muzey va teatrlar, kinoteatrlarga tushib, madaniy hordiq chiqarishmoqda.
Yaqinda davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari Oqoltin tumani kengashi va Oqoltin tumani xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorlikda tashkilot va mahallalarda faoliyat yurituvchi 40 nafar ayolning Toshkent shahriga sayohati tashkil etildi.
– Sayohat avvalida Zangiota ziyoratgohiga tashrif buyurildi. Ta’rifga til ojiz. Ziyoratgoh qayta ta’mirlanib, hovlisi zamonaviy dizayn uslubida bezatilib, juda chiroyli holatga keltirilibdi, – deydi tuman xotin-qizlar qo‘mitasi faoli Zamira Aminova. – Ziyoratgohdan so‘ng poytaxtning eng go‘zal go‘shalaridan biri – Mirzo Ulug‘bek istirohat bog‘ida ham bo‘ldik. Kinoteatrga tushib, “Ahmadboy” nomli komediyani tomosha qildik. Amir Temur muzeyida buyuk sarkardamizning shonli tarixi bilan tanishdik. Shahidlar xiyobonida bo‘ldik. Bularning barchasi sayohatchilarimizda juda katta taassurot qoldirdi.
– Bayram kunlari mehnatkashlar uchun turli ma’rifiy tadbirlar, madaniyat xodimlari va yozuvchilar, shoirlar bilan uchrashuvlar, tarixiy shaharlarga sayohatlar tashkil qilinmoqda. Shu bilan birga “Muruvvat” va “Saxovat” uylarida istiqomat qiluvchi, jismonan va aqliy qobiliyati cheklangan yurtdoshlarimiz holidan xabar olinib, bayram sovg‘alari taqdim etilmoqda, – deydi viloyat kasaba uyushmalari kengashi bo‘limi mudiri Xayrulla Aminov.
Zebo HAYDAROVA