O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“UNO Corporation” kompaniyasi Prezidenti Masaki Uno boshchilig‘idagi Yaponiya kompaniyalari delegatsiyasi bilan uchrashuv
2018-01-17 | Jamiyat
2018 yil 16 yanvar kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida Yaponiyaning “Uno Corporation” va “Jyonan Kotsu” kompaniyalari delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Yaponiya delegatsiya tarkibidan “Uno Corporation” kompaniyasi prezidenti janob Masaki Uno, “Jyonan Kotsu” kompaniyasi prezidenti janob Xiroshi Sasame va mazkur kompaniyaning direktori janob Karpu Sherpa ishtirok etdi.
Vazirlik tomonidan uchrashuvda Bandlik va mehnat munosabatlari vazir o‘rinbosari Z.Umarov, Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi boshlig‘i R.Ibragimov va o‘rinbosari U.Nazarov ishtirok etdi.
Uchrashuvda, Z.Umarov O‘zbekiston va Yaponiya hamkorlik bo‘yicha, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Yaponiyada texnik stajirovkadan o‘tkazish borasida yaqin hamkorlik olib borishini aytib o‘tdi.
O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi texnik stajirovka bo‘yicha hamkorlik 2012 yil 28 mayda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Yaponiyaning ta’lim sohasidagi hamkorlik tashkiloti (JITCO) o‘rtasida o‘zaro Anglashuv to‘g‘risidagi Memorandumga, shuningdek, 2015 yil 26 iyunda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi va “CHUO SANGYO SHINKO” agentligi o‘rtasidagi Texnik stajyorlarni tayyorlash Dasturi bo‘yicha Bitimga asosan amalga oshiriladi.
Ushbu hujjatlarni tatbiq etish doirasida 2017 yilda Yaponiya tomoni so‘roviga ko‘ra, O‘zbekistondan 17 nafar fuqaro-stajyor Yaponiyaning turli kompaniyalarida texnik stajirovkadan o‘tish maqsadida yuborilgan.
O‘z navbatida, Yaponiya delegatsiyasining a’zolari iliq qabul uchun o‘z minnatdorchiligini izhor etdi va ushbu delegatsiya taqdim etayotgan yapon kompaniyalari O‘zbekiston bilan texnik stajirovka yo‘nalishida hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanini ma’lum qildi. Uchrashuv davomida, Yaponiyaga ketish istagida bo‘lgan fuqarolarga til o‘rgatish masalalari muhokama qilindi. Delegatsiya, shu bilan birga, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining Yaponiyada mehnat faoliyatini amalga oshiradigan fuqarolarni ketish oldidan moslashtirish va o‘qitish markazida ham bo‘ldi.
Uchrashuv ishchan va do‘stona muhitda bo‘lib o‘tdi.