O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekistonda mehmonxonalarga munosabat ularning “yulduzlari”ga bog‘liqmi?

2018-01-16 | Turizm

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati huzuridagi press-xollda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi A.Abduhakimov mamlakatimiz turizm salohiyatini yuksaltirish, tizimda yagona davlat siyosatini amalga oshirish, xalqimizning tarixiy-madaniy merosini keng targ‘ib qilish, "Xavfsiz turizm" konsepsiyasi ijrosi, milliy turizm mahsulotlari va brendlarini jahon sayyohlik bozoriga olib chiqish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

O‘tgan yili mamlakatimizga 2,5 million sayyoh tashrif buyurgan, turizm xizmatlari eksporti 1 milliard 557 million dollarni tashkil etgan. Turoperatorlik xizmatlarini ko‘rsatuvchi 128 tadbirkorlik subyekti tashkil etilib, bugungi kunda ularning soni 561 taga yetgan. 

Buxoro va Samarqand shaharlarida “Qadimiy Buxoro” va “Samarqand Siti” turizm zonalarini tashkil qilish, umumiy hisobda 450 ga yaqin loyihani amalga oshirish, jumladan, 50 madaniy meros obyektini restavratsiya va konservatsiya qilish, 50 dan ortiq mehmonxona qurish va qayta tiklash, 100 ga yaqin umumiy ovqatlanish obyektini barpo etish ishlari olib borilmoqda. 

Xorijiy sayyohlar uchun viza va ro‘yxatga olish taomili soddalashtirildi. Yakka tartibdagi xorijiy sayyohlar uchun 30 kun muddatga beriladigan yagona kirish turizm vizalari joriy qilindi va vizalarni rasmiylashtirish narxi 60 dollardan 40 dollarga tushirildi. 

Tarmoqqa axborot-kommunikatsiya texnologiyalari izchil joriy etilmoqda. Mamlakatimizdagi 600 dan ortiq sayyohlik obyektini birlashtirgan «E-Mehmonxona» avtomatlashtirilgan tizimi ishga tushirilib, xorijiy va mahalliy fuqarolar hisobini olib borish jarayoni va bu boradagi hisobotlar elektron shaklga o‘tkazildi.

Barcha aeroportlarda «yashil» va «qizil» yo‘laklar tashkil etildi. Sayyohlarga shaharlarimiz xaritacini berish, taksi haydovchilarining madaniyatini oshirish bo‘yicha ish olib borilmoqda. 

Xorijiy sayyohlar e’tiroziga sabab bo‘layotgan omillar, masalan, kafe va restoranlarning tungi ishlash vaqti cheklangani, bir-ikki yulduzli mehmonxonalarga kam e’tibor qaratilayotgani, avtobuslar yetishmasligi, hududlarda sanitariya-gigiyena maskanlari yetarli emasligi kabi masalalar haqida ham so‘z yuritilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar izchil amalga oshirilishi ta’kidlandi.

 

Matnazar Elmurodov, Yolqin Shamsiddinov (surat), O‘zA

Поделиться