O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yangilik: Qoraqalpog‘istonda raqamli televideniyega o‘tish boshlandi
2018-01-15 | Texnologiyalar
Qoraqalpog‘iston Respublikasi "UZDIGITAL TV" raqamli televideniyesi test rejimida efirga uzatilmoqda. Joriy yil fevral oyidan uch turli tarif asosida yopiq tarzda efirga uzatiladi. Bu haqda kompaniya rasmiylari ma’lum qildi.
Nukusda "UZDIGITAL TV" MChJning savdo va abonentlarga xizmat ko‘rsatish ofisining ochilishi rejalashtirilgan. Ofis xaridorning televizori DVB-T2 standartdagi (ichki) tyunerga ega yoki ega emasligiga qarab, 2 turdagi qurilmani (tele-card yoki tyunerni) tavsiya qiladi. Xorijiy mamlakatlarning 4, 13, 31 telekanali namoyish qilinadigan uch turdagi tarif asosida oylik to‘lovlar 4 ming 500 so‘m, 11 ming va 16 ming 500 so‘m qilib belgilangan.
– Hozirgi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida raqamli televideniyeni yo‘lga qo‘yish ishlari olib borilmoqda. Efirga xorijiy mamlakatlarning telekanallarini sinov tariqasida vaqtincha bepul uzatish ushbu tadbirlarning boshlanishi edi. Maqsad – "UZDIGITAL TV" raqamli televideniyesining yuqori aniqlikda hamda sifatli ko‘rinishda ishlashini namoyon qilish, – deydi ushbu MChJ marketing bo‘yicha menejeri Bobur Qobiljanov. – Mobil aloqa vositalari uchun maxsus dastur yordamida telekanallarni ko‘rish uchun foydalanuvchi uyida o‘tirib, oylik to‘lovlarni to‘lashi mumkin. Elektron ko‘rsatuvlar dasturi (EPG)ning xotiraga saqlash funksiyasidan foydalanib, o‘zi xohlagan ko‘rsatuvni o‘tkazib yubormaslik imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, qurilmalarda ota-onalar nazorati o‘rnatilgan bo‘lib, 16 yoshdan kichik bolalar ko‘rishi mumkin bo‘lmagan ko‘rsatuv va filmlarni parol o‘rnatish orqali bloklab qo‘yish mumkin. Ularni faqat rasmiy ofislardangina sotib olish taklif qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, bu telekanallar Nukus shahri va undan 70 kilometr masofadagi hududlarda namoyish etiladi.