O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Qabristonlar obodligi yurt obodligidir

2018-01-15 | Jamiyat

Har bir xalqning madaniyatini bilmoqchi bo‘lsang, mozoriyu bozorini borib ko‘r, degan naql bor. Zero, mozor marhumlarning maskani, bozor esa tiriklarning yashash manbai sanaladi. Istiqlol yillarida azizlarimizning qadamjolari, ziyoratgohlar va qabristonlarni obodonlashtirishga katta e’tibor qaratildi. Chunki bu joylarda yurtimiz ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan ne-ne aziz insonlarimiz, qondosh-jondoshlarimiz yotibdi. Marhumlar mangu qo‘nim topgan maskanlarni obod qilish tiriklarning vazifasidir. Qabristonlarni ziyorat qilganda beixtiyor umr o‘tkinchiligi esga tushadi. Inson o‘zini xayrli ishlarga chog‘laydi. Nojoiz yumushlardan tiyiladi. Payg‘ambarimiz Muhammad sallalloxu alayhivassallam o‘z hadislaridan birida qayd etganlaridek: “Qabristonni ziyorat qilib turinglar, zero, u sizlarga oxiratni eslatadi”.

Shoir Chustiy «Indamaslar olami» deb nomlangan manzumasida qabristonlarni «indamaslar olami» deb atagandi. Mangu uyquga ketgan marhumlarning arvohlari ham farzandlaridan qabrlarini Qur’on tilovatlari bilan ziyorat qilib turishlarini intiq-intiq – zor bo‘lib kutisharkan. Noqobil farzandlaridan norizo bo‘lisharkan.

Inson umrining eng qisqa formulasi shunday: tug‘ilish, ulg‘ayish, qazosi yetganda boqiy dunyoga ravona bo‘lish. Biroq tiriklar va o‘liklar orasidagi ko‘z ilg‘amas rishtalar hech qachon uzilmaydi. «Indamaslar olamiga» safar qilgan azizlarimizni, ota-onalarimizni, og‘a-inilarimizni har kuni eslab turishimiz, ruhi poklariga Qur’on tilovati qilishimiz joizdir.

Sirdaryo tumanidagi «Yangiobod» SIU hududidagi Yangiobod mahallasi qabristonida o‘tgan viloyat ko‘rgazmali seminari ana shu muqaddas maskan – qabristonlarda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan dolzarb masalalarga bag‘ishlandi.

Qabristonlarni obodonlashtirish yumushlari davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning doimiy diqqat-etiborida turibdi. Bu dolzarb masala xalq deputatlari Toshkent viloyati sessiyasida yana bir bor tilga olindi. Bugungi kunda viloyatimizdagi barcha 164 ta qabristonning egalari bor. Ya’ni, xar bir qabristonga birkitilgan shayxlar, go‘rkovlar va qorovullar tuman-shahar obodonlashtirish boshqarmalaridan maosh olishadi.

Ko‘rgazma­li seminarda so‘z olgan viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev ajdodlarimiz ruhini shod etish tiriklarning muqaddas vazifasi ekanligini alohida ta’kidladilar. Shohning ham, gadoning ham alaloqibat boradigan joyi shu maskan ekanligini eslatdilar. Shu bois har bir oila oyida ikki marta boqiy dunyoga ketgan yaqinlaridan xabar olib, ruhi poklariga Qur’on tilovati qilish ham farz, ham qarz ekanligini uqtirdilar. Ziyoratga farzandlarini ham olib kelsalar, avlodlar o‘rtasidagi rishta bundanda mustahkamlanishini ochiqladilar. Bundan keyin tuman-shaharlar hokimlari qabristonlar obodonchiligi bilan jiddiy shug‘ullanishlari zarurligini bot-bot takrorladilar.

So‘ngra notiq haqiqiy qabriston qanday bo‘lishi kerak, degan savolga javob izladi. Darhaqiqat, Yangiobod mahallasi qabristoni «Oqoltindon» AJ tomonidan risoladagidek tartibga keltirildi. Qabristonga kiraverishda mayitni mangu manzilga kuzatib kelganlar uchun ikkita katta shiypon quril­di. Hojatxona, taxoratxona, shayx va go‘rkovlar dam oladigan xona, yog‘in-sochindan asraydigan soyabonlar bunyod etildi. Qabriston yo‘laklariga asfalt yotqizildi. Yo‘lakning ikki chetidagi marmar lavhalarga qabristonga tashrif buyurganda o‘qiladigan duolar, hadisi sharifdan namunalar, ulug‘ allomalarimiz Ahmad Yassaviy, Abu Homid G‘azzoliy va boshqalarning hikmatli so‘zlari dark etildi. Yo‘lak atrofida yam-yashil archalar ko‘kka bo‘y cho‘zib turibdi. Bu qabriston madaniyatini yo‘lga qo‘yishning eng maqbul usulidir. Viloyatimiz hokimi hududimizdagi barcha qabristonlar yaqin kelajakda turli tashkilot, korxona va muassasalar homiyligida shu tahlil go‘zal holga keltirilishini alohida urg‘uladi. Bunday savob ishlar dinimizda «sadaqai joriya» deb atalishini yig‘ilganlarga aytdi.

Viloyat bosh imom xatibi Mo‘minjon hoji Usmonov qabristonlarni obodonlashtirishdek xayrli ishlarga bosh qo‘shgan insonlarning savobli ishlariga kushoyish tilab. marhumlarning ruhi poklariga Qur’on tilovati qildi.

Shu joyning o‘zida yengillik bo‘lsin, deya jonliq suyilib, qon chiqarildi. Ko‘rgazmali seminar poyonida tadbirga tashrif buyurganlarga ehson oshi tarqatildi.

Tadbir qatnashchilari – viloyatimizning turli go‘shalaridan tashrif buyurgan nuroniylar, din, mahalla, yoshlar va jamoat tashkilotlari vakillari, keng jamoatchilik qabristonlarni obodonlashtirishga chorlandi, safarbar etildi. Zero, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkilotining muborak minbaridan turib qilgan ma’ruzalarida Islom dinining ma’rifati cheksiz-chegarasiz ekanligini butun dunyoga ma’lum qildilar. Bas, shunday ekan, yurtimizda dinimizning asl ma’no-mohiyatini chuqur anglab, uning irfonini keng yoymog‘imiz kerak bo‘ladi. Zero, Buxoriylar, Termiziylar, Moturidiylar, Marg‘inoniylar yetishib chiqqan yurtda yashayotgan odamlarning ma’naviyati ham shunga yarasha bo‘lmog‘i lozim.

 

Muxammadali AHMAD.

(«Sirdaryo haqiqati»dan)

Поделиться