O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Vatan himoyachilari kuni bayrami viloyat tadbiri
2018-01-15 | Jamiyat
14 yanvar kuni Farg‘ona shahrida O‘zbekiston Respublikasi qurolli kuchlari tashkil topganligining 26 yilligiga bag‘ishlab hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan viloyatning asosiy tadbiri o‘tkazildi. Bayram erta tongda shahardagi Motamsaro ona haykali poyiga gullar qo‘yishdan va Farg‘ona shahri ko‘chаlari bo‘ylab harbiy parad – festival o‘tkazilishi bilan boshlandi.
Shundan so‘ng Islom Karimov nomidagi viloyat teatr san’at saroyida bayram dasturi davom ettirildi. Tadbirni Viloyat hokimi Shuhrat G‘aniev ochib berdi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Miromonovich Mirziyoevning vatan himoyachilariga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.
Tabrikdan keyin bayram munosabati bilan davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan bir guruh soha vakillariga hamda vatan himoyachilari kuni munosabati bilan o‘tkazilgan ko‘rik-tanlov g‘oliblariga va ko‘plab fidoyi vatan himoyachilariga mukofot, esdalik sovg‘alar, shuningdek, xizmat burchini bajarish chog‘ida vafot etgan mard o`g`lonlarning yaqin oila a’zolariga pul mukofotlari respublikamiz Mudofaa vazirining 1-o‘rinbosari Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i Ergashev Pavel Ismailovich ishtirokida topshirildi.
Shundan so‘ng bayramga bag‘ishlangan konsert dasturi namoyish etildi. Unda el sevgan san’atkorlar, estrada yulduzlari o‘z chiqishlarini qilishdi. Tadbirga shuningdek, harbiylar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari va ularning oila a’zolari, keng jamoatchilik vakillari taklif etildi.