O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Press-reliz “Budjet 2018: xalq manfaatlari, aniq ko‘rsatkichlar va yangi yondashuvlar”

2018-01-14 | Jamiyat

2018-yilning 11-yanvar kuni Xalqaro press-klubda ommaviy axborot vositalari vakillari uchun «Budjet 2018: xalq manfaatlari, aniq ko‘rsatkichlar va yangi yondashuvlar» mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Muxamet Djumagaldiyev, Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Bahodir Tajiyev, ushbu qo‘mita a’zosi Bahodir Yusupov hamda iqtisodiyot vazirining makroiqtisodiy siyosat, bank sohasini rivojlantirish va xalqaro moliya tashkilotlari bilan ishlash masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev, Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Nazarali Norbayev spiker sifatida ishtirok etdi.

Shuningdek, tadbirda Senat a’zolari, Moliya, Adliya, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirliklari, Davlat soliq qo‘mitasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent davlat moliya instituti, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi vakillari, ayrim ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari rahbarlari va tomorqa yer egalari ham qatnashdilar.

Ta’kidlanganidek, 2018-yilga davlat byudjeti va soliq siyosatini takomillashtirish, shuningdek 2018-yilda fermer xo‘jaliklarini bosqichma-bosqich ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklariga aylantirish bo‘yicha Dastur senatorlar tomonidan Oliy Majlis Senatining 2017-yilning 20-21-dekabr kunlari bo‘lib o‘tgan o‘n uchinchi yalpi majlisida ma’qullangan edi. Hozirgi paytda joylarda ushbu muhim hujjatlarning mazmun-mohiyatini aholiga keng tushuntirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Tadbirda xalq farovonligini oshirish, aholi ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, hududlarni jadal rivojlantirish, tadbirkor va sarmoyadorlarga qulay shart-sharoitlarni ta’minlash bo‘yicha vazifalarni amalga oshirish maqsadida ishlab chiqilgan 2018-yilga Davlat byudjeti va soliq siyosatini takomillashtirishning o‘ziga xos jihatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. O‘z navbatida, Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish bo‘yicha dastur fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish, ekin maydonlaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va rivojlantirish, fermer xo‘jaliklarini bosqichma-bosqich ko‘p tarmoqli xo‘jaliklarga aylantirishga qaratilgan.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasining 2018-yilga Davlat byudjeti Prezidentimiz tomonidan belgilangan va 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida qayd etilgan maqsad va ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib, joylardagi ishlarning real holati va hududlar imkoniyatlarini o‘rganish, hal qilinishi lozim bo‘lgan dolzarb muammolarni aniqlash asosida xalqaro moliya institutlari tomonidan tan olingan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, narx indekslarini hisobga olgan holda, ishlab chiqilgan.

Mamlakatimizda 2018-yilda YaIM 290,6 trillion so‘m miqdorida bo‘lishi prognoz qilinmoqda, YaIM deflyatori 14,1 foizni, iste’mol narxlari indeksi 12,4–13,4 foizni tashkil etishi kutilmoqda.

Davlat byudjeti parametrlari ilk bor YaIMga nisbatan 0,02 foiz profitsit bilan prognozlashtirilmoqda. 2018-yilga Davlat byudjeti xarajatlarining asosiy yo‘nalishlari mamlakatimiz byudjet siyosatining ijtimoiy yo‘nalishini saqlab qolishni nazarda tutadi. Xususan, 2018-yilda ijtimoiy sohaga qaratilgan xarajatlar 34,7 trillion so‘mni yoki byudjetning ko‘zda tutilgan umumiy xarajatidan 55,7 foizni tashkil etadi. Qabul qilingan davlat dasturlarini amalga oshirishga 8,5 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirish rejalashtirilmoqda. Iqtisodiyotga xarajatlar 7 trillionga yaqin yoki xarajat qismining 11,2 foizini tashkil etadi.

2018-yilga soliq-byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari soliq yukini yanada kamaytirish, bir xil soliqqa tortish bazasiga ega soliq va majburiy to‘lovlar sonini qisqartirish, mahalliy byudjetlar daromad bazasini mustahkamlash hamda ular mustaqilligini oshirish, resurslardan oqilona foydalanish va byudjetga tushumlar to‘liqligini ta’minlashni nazarda tutadi. Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat’iy o‘rnatilgan soliq stavkalarini o‘rtacha 30 foizga pasaytirish nazarda tutilmoqda. Bu, o‘z navbatida, aholining tadbirkorlik faolligini oshirish imkonini beradi.

2018-yilda fermer xo‘jaliklarini bosqichma-bosqich ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklariga aylantirish bo‘yicha Dastur O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yilning 9-oktyabridagi “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan.

Dastur Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Xalq deputatlari viloyat kengashlari tomonidan tasdiqlangan ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini tashkil etish va rivojlantirish bo‘yicha hududiy dasturlar asosida tayyorlangan. Dasturga muvofiq, 2018-yilda respublikamiz bo‘yicha 21 ming 634 fermer xo‘jaliklarida ko‘p tarmoqli faoliyatni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan 22986 ta loyiha amalga oshiriladi. Xususan, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari tomonidan 7,4 ming gektar yerda intensiv bog‘lar, 4,3 ming gektarda yangi tokzorlar va 844 gektarda issiqxonalar tashkil etiladi.

2018 yilga tasdiqlangan loyihalarni amalga oshirishga respublikamiz miqyosida 1603 mlrd. so‘m yo‘naltirish nazarda tutilgan, ulardan 608,8 mlrd so‘mi – tijorat banklarining kreditlari hisobidan yo‘naltiriladi. Asosiysi, qishloq joylarida 83567 ta ish o‘rni tashkil etilishi kutilmoqda.

Matbuot anjumanida senatorlar va ekspertlar jurnalistlarni qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob qaytardilar.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati

Поделиться