O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Lochin o‘g‘risi qo‘lga tushdi
2018-01-15 | Jamiyat
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlisidagi Murojaatnomasida ekologiya masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, darhaqiqat, bu harakat safi yetarli darajada kengaydi, ammo bartaraf etilishi lozim bo‘lgan ko‘plab dolzarb muammolar hali o‘z yechimini kutmoqda.
To‘g‘ri, mustaqillik yillarida yoshlarni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarimizga, ona diyorimizga, uning boyliklari va tabiatiga hurmat ruhida tarbiyalash borasida muayyan ishlar amalga oshirildi. Biroq, shunga qaramasdan ona tabiatga tahdid soluvchi harakatlar sodir etilayotganligi achinarli hol, albatta.
Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasidan olgan ma’lumotimizga ko‘ra, yaqinda, Sirdaryo tumani hududidagi MHX Davlat chegaralarini qo‘riqlash qo‘shinlarining maxsus bo‘linmasi hamda viloyat bojxona boshqarmasining tezkor xodimlari tomonidan “Yangi hayot” suv iste’molchilari uyushmasining Qozog‘iston Respublikasi bilan chegaradagi aylanma va ovloq yo‘llar orqali davlat chegarasidan noqonuniy ravishda o‘tayotgan shaxs qo‘lga olindi. U 1995 yilda tug‘ilgan, Jizzax viloyatida yashovchi M.Boliyev bo‘lib, unga tegishli bo‘lgan qo‘l sumkasi tekshirilganida, sumkadan lochin turiga mansub bo‘lgan 9 dona, qiymati 303 million so‘mdan ortiq tirik qushlar topildi.
Toshkent va Sirdaryo viloyatlari tabiatni muhofaza qilish hududiy inspeksiyasi boshqarmalarining xulosasiga ko‘ra, ushbu noyob qushlar “Qizil kitob”ga kiritilganligi ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan olib borilgan tezkor qidiruv va dastlabki surishtiruv tadbirlari natijasida, fuqaro M.Boliyev ushbu noyob qushlarni 200 AQSH dollari evaziga aylanma yo‘llar orqali Qozog‘iston Respublikasidan O‘zbekistonga noqonuniy ravishda olib o‘tib berishga, kelishib olganligi ma’lum bo‘ldi.
Tabiatda yo‘qolib borayotgan, kamyob o‘simlik va hayvonot dunyosining genofondini saqlab qolish barchamizning burchimiz. Shu kabi hodisalar bugungi kun yoshlariga ekologiya, atrof muhit va jonivorlarni asrab-avaylashni uqtirish borasida hali amalga oshirishimiz lozim bo‘lgan vazifalar talaygina ekanligidan dalolat beradi.
Hozirda ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Abdujalol Qayumov