O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Navoiy viloyatida qaror asosida yangi yo‘nalish ochildi
2018-01-15 | Jamiyat
Navoiy viloyatida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-yanvardagi “Aholiga transport xizmati ko‘rsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2724-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, qaror asosida tasdiqlangan Dasturga asosan shahar atrofida 3 ta yo‘nalish ochilishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, bularning so‘ngisi “Sputnik-Jaloyir” yo‘nalishi edi.
Joriy yilning 10-oktabr kuni shahar atrofi shaharlararo va viloyat ichki yo‘nalishlarini joylashtirish uchun ochiq tenderlar tashkil etish va uni o‘tkazish masalalari bo‘yicha viloyat komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan ochiq tenderda “Ekspress Shipment” MChJ tomonidan yangi umumiy masofasi 44 kilometr bo‘lgan ShAY-221-sonli “Sputnik-Jaloyir” shahar atrofi avtobus yo‘nalishi uchun taklif berildi.
Mazkur yo‘nalishga avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yilishi bilan Navoiy viloyatining chekka hududlaridagi aholi uchun qulayliklar yaratilishi hisobga olinib, komissiya tomonidan “Ekspress Shipment” MChJ tenderda g‘olib deb topildi va “Sputnik-Jaloyir” yo‘nalishiga jamiyatga qarashli Isuzu rusumli 2 dona avtobuslarni biriktirishiga ruxsat berildi.
Yangi yo‘nalish ochilishi bilan 4 ta yangi ishchi o‘rin tashkil etildi.
Eslatib o‘tamiz “Ekspress Shipment” MChJ Navoiy viloyati, Karmana tuman xokimligining 2015-yil 24-fevraldagi 01622–sonli guvohnomasiga asosan tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kungacha korxona avtotransport vositalarida shahar atrofida yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanib kelmoqda.
— Endilikda oldimizga qo‘ygan maqsadimiz Prezidentimizning PQ-2724-sonli qarori asosida 2019-yilda ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan Mikroavtobuslardan sotib olib, shahar atrofi, shahar ichi yo‘nalishlariga joylashtirish bilan korxona faoliyatini kengaytirish va yangi ish o‘rinlari yaratish – deydi, korxona rahbari B.Eshboev.