O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Vatan posbonlariga bayram tuhfasi

2018-01-15 | Jamiyat

Aslida qo‘liga qurol tutgan, harbiy libos kiygan har qanday inson ham asl harbiy bo‘lavermaydi. Bu mezon uning qalbidagi vatanparvarligi, yurtga sadoqati bilan belgilanadi. Shukurki, ham ma’nan, ham jismonan komil, mustahkam armiyaga ona xalqimiz o‘zini ishonib topshirgan. Ana shunday mard va jasur harbiylar ishtirokida kuni kecha “Turkiston” va bugun “Istiqlol” san’at saroylarida konsert dasturlari namoyish etildi.

Madaniyat vazirligi, Qurolli kuchlar akademiyasi va Mudofaa vazirligi hamkorligida tashkil etilgan tadbir harbiy qasamyod qabul qilish marosimi namoyishi bilan boshlandi. Xalq artistlari Ozodbek Nazarbekov, Gulsanam Mamazoitova, Zulayho Boyxonova kabi xonandalarning kuy-qo‘shiqlari tomoshabinlar ko‘ngliga zavq baxsh etgan bo‘lsa, xoreografiya maktabi o‘quvchilari, “Tantana” bolalar ashula va raqs ansambli va askar jamoalari ijrosidagi raqslar esa hayratu shavq bag‘ishladi.

Ko‘ngilochar tomosha-yu tadbirlar qachon ko‘ngilga sig‘adi, tatiydi, qachonki dil xotirjamligi shuurga taskin berib tursa, ongimizni xalovat chulg‘asa, yurt tinchligidan qalblar shukronaga yo‘g‘rilsa...

Avvallari yigitlar harbiy xizmatdan qolish payida bo‘lishgan, hozir esa aksincha, borishga harakat qilishadi, chunki xizmatni o‘z yurti uchun ado etishadi, deya gap boshlagan so‘z ustasi Avaz Oxun va Shukrullo Isroilovlar o‘z hazil-mutoyibalari bilan harbiylar chehrasiga tabassum hadya etgan bo‘lsa, Botir Qodirov, Abdurashid Yo‘ldoshev, To‘lqin Jabborov, Abdulla Shomag‘rupov, Mavluda Asalxo‘jayeva, Feruza Jumaniyozova, Maxset Utemuratov, Shuhrat Vohidov, Rashid Xoliqov, Ravshan Namozov, Shoxrux Yo‘ldoshev, Ulug‘bek Rahmatullayev, Rayxon G‘aniyeva, Zilola Musayeva (Shahzoda), Munisa Rizayeva, Tohir Sodiqov kabi xonandalar, “Durdona”, “Zamin”, “Maroqand”, “San’at”, “Bojalar”, Farxod va Shirin dueti, “Bek”, “Sharq” kabi ijodiy guruhlar ijrosi tomoshabinlarga madaniy hordiq ulashdi. Ayniqsa, xalq artisti Sherali Jo‘rayev hamda xonandalar Shohjahon va Zohirshoh Jo‘rayevlar ijrosidagi qo‘shiqlar harbiylarga manzur bo‘lib, ko‘ngillarni munavvar etdi.

Harbiy bo‘lish sharaf, harbiy bo‘lish faxr. Bu nafaqat o‘zi, balki oila, mahalla, ona yurt uchun iftixor va g‘urur hisoblanadi.Mening bolakaylar ko‘zidan o‘qigan haqiqatim edi bular. Oilasi bilan tashrif buyurgan harbiylarning farzandlarini gohida xuddi shu surur barq urib, otasi kabi harbiy libos kiygan fidoyilarning ko‘pligiga hayrat bilan qarashi dilga zavq beradi. Onalari bilan tashrif buyurgan harbiylarning esa volidalari ko‘zlaridagi shukronalik, faxr tuyg‘ulari nazari tushgan har kimga ham o‘z quvonchini yuqtirishi tayin.

Mana shu quvonch hech bir yurtdoshimizning nigohini tark etmasin. Shu kabi tadbirlar ko‘ngilga sig‘ib turgan tinchlik-xotirjamlik kunlari, halovat baxti yurtimizni hech qachon tark etmasin. Vatan himoyachilari qalbida sadoqat, vatanga muhabbat tuyg‘usi bardavom bo‘lib, o‘zini Ona yurt himoyasiga doimo shay deb bilgan barcha vatandoshimizga 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni muborak bo‘lsin!

Поделиться