O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Maxsus avariya-tiklash boshqarmasida Vatan himoyachilari kuni nishonlandi
2018-01-15 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 26 yilligi munosabati bilan, O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Maxsus avariya-tiklash boshqarmasida tantanali bayram tadbiri tashkil etildi. Tadbirda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri v.b. Sherzod Shermatov, vazirlik tizimidagi korxona va tashkilot rahbarlari ishtirok etdilar. Sh. Shermatov harbiy qismda yaratilgan shart-sharoitlar, moddiy-texnik baza bilan yaqindan tanishib, boshqarma faoliyatini takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalarni bildirdi.
Aytish joizki, 1961 yilda tashkil topgan va aloqa boshqaruvini tashkil etishga ixtisoslashgan mazkur harbiy qism Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadi. MDH da O‘zbekiston va Rossiyada ana shunday aloqaga ixtisoslashgan qismlar mavjud. 1998 yilda Vazirlar Mahkamasi qarori asosida harbiy qism negizida ish boshlagan Maxsus avariya-tiklash boshqarmasi avariya-tiklash ishlarini olib borish jarayonida aloqa boshqaruvini tashkil etish, O‘zbekiston Respublikasining aloqa va telekommunikatsiya obyektlarida avariya-tiklash ishlarini amalga oshirish, aloqa obyektlarida qo‘riqlashni amalga oshiradi.
Mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligi, hududiy yaxlitligi hamda sarhadlarimiz daxlsizligini ishonchli himoya qilishga qodir ixcham, tezkor, zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika, zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta’minlangan milliy armiyamizni shakllantirish borasida tashlangan yangi qadam nafasiga ushbu harbiy qismda ham guvoh bo‘lish mumkin.
Maxsus avariya-tiklash boshqarmasining moddiy-texnik bazasi zamonaviy texnika bilan mustahkamlanib, o‘quv-mashq jarayonlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanilmoqda. Bu yerda faoliyat ko‘rsatuvchi “Tulpor” ko‘chma laboratoriyasi mamlakatimiz aloqa tarmoqlaridagi optik aloqa liniyalarida tezkor tiklash ishlarini olib boradi.
Qurolli Kuchlarimizning salohiyatini har tomonlama mustahkamlashga qaratilayotgan alohida e’tibor shaxsiy tarkibning jangovar va ma’naviy tayyorgarligi yuksalishi, Vatan himoyachilarining yuksak aql-zakovati, intellektual salohiyati, mustahkam irodasi, o‘z xalqiga sadoqati kabi olijanob xususiyat va fazilatlarining shakllanishiga xizmat qilmoqda.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan boshqarmaning texnika va qurollanish bo‘limi boshlig‘i Prokudin Nikolay Pavlovichga “Shuhrat” medali, tibbiyot bo‘linmasi feldsheri Pardayeva Elzara Ergashevnaga “Do‘stlik” ordeni, shuningdek harbiylarga serjantlik, ofitserlik unvonlari topshirildi. Shuningdek, namunali xizmati bilan o‘rnak bo‘layotgan harbiy va muddatli harbiy xizmatchilarga vazirlikning tashakkurnomalari va sovg‘alari topshirildi.