O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Davlat moliya tizimini takomillashtirish bo‘yicha guruh tashkil etiladi
2018-01-15 | Iqtisodiyot
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan mamlakatimizda davlat moliyasini boshqarishning zamonaviy va ilg‘or ilmiy-texnikaviy yutuqlari hamda tajribalarini keng joriy etishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda asosiy e’tibor Prezidentimizning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasidagi tanqidiy fikrlar va vazirlikka yuklatilgan vazifalarni yuqori darajada bajarish masalalariga qaratildi.
Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sattorov davlat moliyasini boshqarish va soliq ma’murchiligini yanada takomillashtirish, moliya organlari faoliyati samaradorligini oshirish uchun Harakatlar strategiyasi, Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi, shuningdek, davlatimiz rahbarining parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida moliya idoralari faoliyatiga bildirgan fikrlari bo‘yicha eng dolzarb va yechimini ko‘p yillar kutayotgan vazifalarning bajarilishiga e’tibor qaratish lozimligini aytdi.
Mutaxassislar O‘zbekiston Respublikasining 2018-yilga mo‘ljallangan byudjet siyosati hamda ushbu jarayonni takomillashtirish bo‘yicha o‘z taqdimotlarini namoyish etdi. Qayd etilganidek, 2018-yilda jami byudjet xarajatlarining 56 foizi ijtimoiy sohaga yo‘naltiriladi. Shuningdek, davlat byudjetining g‘azna ijrosi mexanizmlari, ichki audit va moliyaviy nazorat, pensiya tizimini takomillashtirish yuzasidan amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ishlar bayon qilindi.
Moliya vazirligi va uning quyi tizimlarida mavjud bo‘lgan vakant ish o‘rinlarini to‘ldirishda innovatsion g‘oya va fikrga ega bo‘lgan, xalq manfaatlariga sadoqat bilan xizmat qiladigan bilimli, tashabbuskor, halol va fidoyi yangi avlod kadrlarini jalb qilish, ularni mas’ul vazifalarga tavsiya etish hamda doimiy yangilanadigan zaxirasini yaratish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasidagi internet tarmog‘ida “Mening fikrim” deb nomlangan veb-sahifasini ochish bo‘yicha bildirilgan taklif asosida moliya tizimini takomillashtirish bo‘yicha yuqori malakali, sohaga qiziqishi yuqori bo‘lgan yetuk mutaxassislardan iborat guruh tashkil etish belgilandi. Guruh a’zolari mamlakatimiz fuqarolarining davlat moliyasini takomillashtirishga daxldor muhim masalalar bo‘yicha fikrlarini o‘rganadi va amaliyotga tatbiq qilish uchun jamlaydi.
Davra suhbatida moliya tizimini takomillashtirish masalalarini qamrab olgan savolnomalar tarqatildi va ularga javob olindi.