O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

AQSH Markaziy Osiyoga e’tibor qaratmoqda

2018-01-15 | Siyosat

Amerika Qo‘shma Shtatlari Markaziy Osiyoda “S5+1” formatida uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

“S5+1” Markaziy Osiyoning besh davlati va AQSH tashqi siyosat mahkamalari rahbarlarining muloqotini anglatadi. O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari va AQSH Davlat kotibining ushbu formatdagi ilk uchrashuvi 2015-yil 1-noyabrda Samarqandda bo‘lib o‘tgan. 

Xorijiy ommaviy axborot vositalarida tarqatilgan xabarlarga ko‘ra, AQSH Davlat kotibi yordamchisining birinchi o‘rinbosari Elis Uells “S5+1” formatidagi sheriklikni amaliy va samarali deb atagan. 

Avvalgi ma’muriyat tomonidan yo‘lga qo‘yilgan bu format AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan ham to‘la qo‘llab-quvvatlanmoqda, degan Elis Uells. Davlat kotibimiz Reks Tillerson Nyu-Yorkda o‘z hamkasblari bilan bu doirada uchrashgandi. Kelgusida Markaziy Osiyoda shunday uchrashuv o‘tkaziladi. Bu loyihani mustahkamlash uchun AQSH Kongressi 15 million dollar mablag‘ ajratgan. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Amerika Qo‘shma Shtatlari Markaziy Osiyo birlashayotgani va mintaqaning umumiy muammolarini hal qilayotganidan xursand. 

Ishonch bilan aytish mumkinki, bunday natijaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi va sa’y-harakatlari tufayli erishildi. 

Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish marosimidagi nutqida O‘zbekiston barcha davlatlar, birinchi navbatda, qo‘shni mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik qilishini ta’kidlagan edi. 

Bu maqsadlar 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida o‘z ifodasini topdi. Chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat yuritish, O‘zbekistonning yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik va yaxshi qo‘shnichilik muhitini mustahkamlash, davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilishni hal etish kabi masalalar ustuvor yo‘nalishlar etib belgilandi. 

O‘tgan qisqa vaqtda bu borada tarixiy qadamlar qo‘yildi. Prezidentimiz ilk davlat tashriflarini qo‘shni mamlakatlarga amalga oshirdi. Qozog‘iston va Qirg‘iziston Prezidentlari davlat tashrifi bilan Toshkentda bo‘ldi. Bu O‘zbekiston tashqi siyosatda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga alohida ahamiyat qaratayotganini yaqqol tasdiqladi. 

Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi va siyosiy irodasi tufayli mintaqada ishonch darajasi sezilarli oshdi. Davlat chegaralari, suvdan foydalanish muammolari, transport yo‘laklari, savdo aloqalari, hududlar hamkorligi kabi ko‘plab masalalar bo‘yicha o‘zaro manfaatli yechimlar topishga erishildi. 

Prezidentimiz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida O‘zbekiston bugungi kunda o‘zining tashqi siyosatida Markaziy Osiyo mintaqasiga ustuvor ahamiyat qaratayotganini ta’kidladi. “Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan O‘zbekiston ushbu mintaqa barqarorlik, izchil taraqqiyot va yaxshi qo‘shnichilik hududiga aylanishidan bevosita manfaatdordir. Tinch-osoyishta, iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan Markaziy Osiyo – biz intiladigan eng muhim maqsad va asosiy vazifadir. O‘zbekiston o‘zaro muloqot, amaliy hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlashning qat’iy tarafdoridir. Biz Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hech istisnosiz barcha masalalar bo‘yicha oqilona murosa asosida hamkorlik qilishga tayyormiz”, degan edi davlatimiz rahbari. 

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2017-yil 10-11-noyabr kunlari “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzusida yirik xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Konferensiyada Prezidentimiz nutq so‘zlab, Markaziy Osiyoni barqaror va iqtisodiy rivojlangan mintaqaga aylantirish, ulkan hududda tinchlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash bo‘yicha dolzarb tashabbuslarni ilgari surdi. Qo‘shni davlatlar vakillari ularni qo‘llab-quvvatlab, mintaqa oldidagi dolzarb masalalarni muhokama qildi, umumiy yondashuvlar va istiqboldagi vazifalarni belgilab oldi. 

Mintaqamizdagi bunday ijobiy o‘zgarishlarni Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp ham e’tirof etdi. 2017-yil 19-dekabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bilan telefon orqali muloqotda AQSH Prezidenti O‘zbekistonning mintaqa mamlakatlari bilan yaxshi qo‘shnilik munosabatlarini rivojlantirish va kooperatsiyani faollashtirishga qaratilgan, Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan ochiq va konstruktiv tashqi siyosati va faol sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. 

“S5+1” formatida o‘tkaziladigan navbatdagi uchrashuv Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH hamkorligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

 

Anvar Samadov, O‘zA

Поделиться