O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston safar qilish uchun eng xavfsiz mamlakatlar ro‘yxatida

2018-01-12 | Turizm

AQSh Davlat departamenti xorijiy mamlakatlarga safar qiladigan amerikalik sayyohlar uchun yangi tavsiyalarini e’lon qildi. Mamlakatlar to‘rt guruhga bo‘lingan. Borish eng xavfsiz bo‘lgan mamlakatlar birinchi toifa, safar qilish tavsiya etilmaydigan mamlakatlar esa to‘rtinchi toifa ro‘yxatidan o‘rin olgan. 

Amerikalik diplomatlar mazkur ro‘yxatni u yoki bu mamlakatga xos bo‘lgan xavf-xatarlardan kelib chiqqan holda tuzishgan - terrorizm, jinoyatchilik, fuqarolik tartibsizliklari, tabiiy ofatlar, sog‘liqni saqlash bilan bog‘liq muammolar va boshqa omillar. Fuqarolar o‘zini qiziqtirgan har qanday mamlakat haqidagi ma’lumotlar bilan alohida sahifada tanishishlari mumkin.

AQSh Davlat departamenti O‘zbekistonni birinchi toifaga, ya’ni Amerika fuqarolariga hech narsa xavf solmaydigan va borish eng xavfsiz bo‘lgan mamlakatlar guruhiga kiritgan. Bu toifa ro‘yxatida respublikamiz bilan birga Avstriya, Avstraliya, Finlyandiya, Irlandiya, Islandiya va boshqa mamlakatlar bor.

Shunisi ham diqqatga molikki, Belgiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Fransiya singari Yevropaning qator mamlakatlari ikkinchi guruh ro‘yxatiga kiritilgan. 

Venesuyela, Gonduras, Kuba, Pokiston, Turkiya, Rossiya va boshqa davlatlar xavfsizlik darajasi bo‘yicha uchinchi guruh ro‘yxatidan joy olgan.

Amerikalik sayyohlar uchun eng katta xavf-xatar bo‘lgan mamlakatlar guruhiga Afg‘oniston, Eron, Iroq, Yaman, KXDR, Livan, Suriya, Somali, Janubiy Sudan va Markaziy Afrika respublikasi kiritilgan.

Boshqa ko‘p sonli reytinglar ham O‘zbekistonning xavfsiz mamlakat ekanligini tasdiqlagan. Xususan, o‘tgan yil avgust oyida Amerikaning “Gallup International” kompaniyasi dunyoning 135 mamlakatidan 136 ming aholi o‘rtasida ular yashaydigan hududda jinoyatchilik va mahalliy huquq-tartibot idoralari ishining ishonchililigi darajasi yuzasidan so‘rov o‘tkazdi. Uning natijalariga ko‘ra, O‘zbekistondagi qonun va tartib indeksi 95 ballni tashkil etgani holda xavfsizlik darajasi bo‘yicha Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligida birinchi, dunyoda ikkinchi o‘rinni egalladi.

2015 yil avgust oyida O‘zbekiston Belgiyaning “Aon Belgium” kompaniyasi hisobotida ham terror xavfi eng past bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatidan joy olgan edi.

Sabr-toqatlilik, mehribonlik va qalb iliqligi xos bo‘lgan o‘zbek xalqining tarixan shakllangan mentaliteti, shu bilan birga, tinchlik va barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda 130 dan ziyod millat va elatlar vakillarining tinch-totuv yashashini ta’minlash yuzasidan mamlakatda olib borilayotgan samarali siyosat O‘zbekistonning mustaqil rivojlanish yillari mobaynida erishgan ana shunday muhim muvaffaqiyatining asosini tashkil etadi. 

So‘nggi yil davomida O‘zbekiston turli yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z rivojlanishini tubdan faollashtirayotganidan dalolat beradigan turli reytinglarning ro‘yxatidan joy oldi. Xalqaro baholar alohida qiymatga egadir, chunki ular mamlakatimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini mustahkamlaydi, yurtimizga sarmoyalar jalb etilishiga hamda sayyohlar oqimini yanada oshirishga ko‘maklashadi.

Поделиться