O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tadbirkorlar: 2018 yilda berilgan yengillik va soliq imtiyozlari haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldik
2018-01-12 | Iqtisodiyot
Avval xabar berganimizdek, poytaxtimizdagi "O‘zekspomarkaz" milliy ko‘rgazmalar majmuida Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan soliq va byudjet siyosatining 2018 yilgi asosiy yo‘nalishlaridan kelib chiqib soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi.
Seminarda qatnashgan tadbirkorlik subyektlari vakillari anjuman yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdilar:
Sardor Ibrohimov, Xorazm viloyatidagi "URGANCH MASTER SERVIS" xususiy korxonasi bosh menejeri:
– 2007 yilda tashkil etilgan korxonamiz matbaa mahsulotlari, xususan, bukletlar, tayyor tovarlarni qadoqlashga mo‘ljallangan idish va qutilar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Faoliyatimizni 4 nafar ishchi bilan boshlagan bo‘lsak, bugungi kunda 40 nafar mahalliy yigit-qizlar xorijdan keltirilgan zamonaviy ishlab chiqarish uskunalarini boshqarishmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tashabbusi bilan an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan ko‘rgazmali seminarda ishtirok etdim. Tadbir menda katta taassurot qoldirdi. Boisi, ushbu seminarda faoliyatimiz davomida zarur bo‘ladigan axborotlar, soliq qonunchiligiga kiritilgan yangilik va o‘zgartirishlar, jumladan, tadbirkorlik subyektlariga 2018 yilda berilgan yengillik va soliq imtiyozlari haqida o‘zimiz uchun zarur ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Shuni aytishim kerakki, yildan-yilga bunday imkoniyatlarning kengaytirib borilayotganligi tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini yanada rivojlantirishlariga xizmat qiladi.
2018 yil mamlakatimizda "Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili", deb nom berilishi ham bizni quvontirdi. Kelgusida berilgan soliq imtiyozlaridan unumli foydalanib, innovatsion texnologiyalarni samarali qo‘llagan holda ishlab chiqarish tarmog‘ini yanada kengaytirishni maqsad qilganmiz.
Sherzodbek KARIMOV, Andijon viloyatidagi "KRAV TEKS" MChJ shaklidagi xorijiy sarmoya ishtirokidagi korxona rahbari:
– 2011 yildan buyon to‘qimachilik sohasida faoliyat olib boramiz. Hukumatimizning tegishli qaroriga asosan korxonamizga soliq imtiyozlari berilgan. Ushbu imtiyozlar asosida bo‘shagan mablag‘lar hisobidan xorijiy mamlakatlardan gul bosish, bo‘yash va tikishda ishlatiladigan uskunalarni imtiyozli ravishda olib kelib, ishga tushirdik. Shuning hisobidan korxonamizdagi ishchilar soni 280 nafarga yetdi.
Mahsulotlarimizni dastlabki yillarda Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘izistonga eksport qilgan bo‘lsak, joriy yildan boshlab Isroilga ham jo‘nata boshladik. Hozirda Amerika Qo‘shma Shtatlari va Italiyadagi hamkorlarimiz bilan kelishuvlar olib borilmoqda. Umuman olganda korxonamizning mahsulot eksport qilish hajmi ortib, yiliga o‘rtacha 2,5 million AQSh dollarini tashkil etmoqda. Faoliyatimiz munosib baholanib, korxona 2016 va 2018 yillarda "Eng namunali soliq to‘lovchi" sifatida e’tirof etildi.
Seminar davomida joriy yilda soliq sohasida kiritilgan yangilik va o‘zgartirishlar to‘g‘risida zarur ma’lumotlarga ega bo‘ldik. O‘ylaymanki, Prezidentimiz va hukumatimiz qarorlari asosida taqdim etilayotgan soliq imtiyozlari va preferensiyalari kichik biznes hamda xususiy tadbirkorlikning yanada jadal rivojlanishiga xizmat qiladi.