O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Iqtisodiy yuksalishda bank-moliya tizimining roli oshmoqda
2018-01-12 | Jamiyat
O‘zbekistonda taraqqiyotning yangi bosqichi boshlandi. Bu investitsiya muhitining yaxshilanishi, bank-moliya tizimi tubdan isloh qilingani, tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratilib, iqtisodiy o‘sish sur’atlari jadallashganida ham ko‘zga tashlanmoqda.
Bu haqda Xalqaro press-klubning “O‘zbekistonda investitsion muhit: moliyaviy infratuzilmani rivojlantirish va kredit hisobotlarini takomillashtirish” mavzuida bo‘lib o‘tgan sessiyasida xorijlik ekspertlar, iqtisodchilar fikr bildirdi.
Xalqaro moliya korporatsiyasining kredit hisobotlarini rivojlantirish bo‘yicha eksperti Fabritsio Fraboni, Jahon bankining maslahatchisi va yetakchi iqtisodchisi Stefka Slavova, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Alkis Drakinos, Respublika “Kredit-axborot tahliliy markazi” kredit byurosi direktori Muzaffar Salomov O‘zbekiston jahon hamjamiyati, xususan, yirik investorlar uchun jozibador mamlakatga aylangani, bu o‘z navbatida iqtisodiyotning barcha sohasida investitsiyalar oqimining kirib kelishiga imkon berayotganini alohida ta’kidladi.
Mutaxassislar fikricha, iqtisodiy rivojlanishda xalqaro ilg‘or tajribalardan unumli foydalanish muhimdir. Bu borada O‘zbekistonda yaxshi tajriba shakllangan. Pirovardida O‘zbekiston “Doing Business”ning so‘nggi hisobotiga ko‘ra, iqtisodiyotni yaxshilashning 5 bosqichi bo‘yicha eng yaxshi 10 mamlakat safiga kirdi.
Tadbirda kredit infrastrukturasini rivojlantirish mamlakatimiz iqtisodiyoti yuksalishiga xizmat qilishi ta’kidlandi. Misol uchun, bankdan ma’lum miqdorda kredit olib tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ygan, eng kamida 2 yoki 4-5 ish o‘rni yaratib, o‘z oilasi va qo‘ni-qo‘shnisi byudjeti oshishiga hissa qo‘shgan kichik tadbirkor davlatga qancha foyda keltiradi? Bu raqamni million so‘mlar bilan tavsiflash mumkin.
O‘zbekistonda banklar tomonidan tadbirkorlikni rivojlantirish uchun imtiyozli kreditlar ajratish tizimi xalqaro mezonlar asosida yo‘lga qo‘yilmoqda. Aholining ijtimoiy-maishiy turmush sharoitini yaxshilash maqsadida turli shakldagi kreditlar ajratilishida ham yengilliklar kuzatilmoqda. Bu borada kredit byurolarining tashkil etilishi ham yaxshi samara bermoqda.
“Kredit-axborot tahliliy markazi” kredit byurosi 2012-yildan e’tiboran yangi xalqaro mexanizmlar asosida faoliyat yuritib keladi. O‘zbekistonda barcha tijorat banklari bir vaqtning o‘zida mazkur tashkilot muassislari va mijozlari sanaladi. Ular kredit olish istagida bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslarning kredit tarixi haqida bu byurodan ma’lumot oladi. Ya’ni mijozlarning kreditni qaytara olish imkoniyatlari, avvalgi kreditni so‘ndirishdagi salbiy yoki ijobiy ko‘rsatkichlari tahlili yuritiladi. Bu, ayniqsa, banklarning fuqarolarga iste’mol kreditlari berishda vaqtni tejash imkonini beradi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasining “Kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risida”gi qonuni “Kredit-axborot tahliliy markazi” kredit byurosi faoliyatida muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda mazkur byuro o‘z ma’lumotlar bazasini lizing, lombard va boshqa tashkilotlar hisobiga yanada kengaytirishni maqsad qilgan. Hozir kommunal xizmat ko‘rsatuvchi idoralar bilan hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Endilikda “O‘zbekenergo” va “O‘ztransgaz” singari tashkilotlar bilan ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi.
Uchrashuv so‘ngida spikerlar jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.