O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Davlat byudjeti xalqimiz manfaatiga xizmat qiladi

2018-01-12 | Jamiyat

Xalqaro press-klubning 2018- yildagi birinchi sessiyasi “Byudjet 2018: xalq manfaatlari, aniq ko‘rsatkichlar va yangi yondashuvlar” mavzuida bo‘lib o‘tdi. 

Unda senatorlar, Moliya, Adliya, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirliklari, Davlat soliq qo‘mitasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Taraqqiyot strategiyasi markazi, oliy ta’lim muassasalari vakillari, fermerlar, tomorqa yer egalari, milliy va xorijiy jurnalistlar ishtirok etdi. 

Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi M.Jumagaldiyev, Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari B.Tojiyev, iqtisodiyot vazirining birinchi o‘rinbosari M.Mirzayev, Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari N.Norboyev, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi B.Yusupov mavzu yuzasidan ma’lumot berdi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida mamlakatimiz byudjet mablag‘larini shakllantirish, soliq tizimini takomillashtirishda oshkoralikni ta’minlashga doir o‘rinli ko‘rsatmalar berilgan edi. 

Tadbirda 2018-yilgi davlat byudjetini shakllantirishda bu jihatlar alohida inobatga olingani qayd etildi. 

Joriy yildan e’tiboran, Moliya vazirligi tomonidan moliyalashtiriladigan vazirliklarda Audit va moliyaviy nazorat boshqarmalari tashkil qilindi. Endilikda mazkur boshqarmalar byudjetdan ajratiladigan mablag‘larni nazorat qilib boradi. 

Yana bir muhim o‘zgarish davlat byudjetining quyidan yuqoriga qarab shakllanishida ko‘zga tashlanadi. Avvallari respublikadan turib tumanlar va viloyatlar byudjeti tasdiqlangan bo‘lsa, joriy yildan bu tizim tubdan o‘zgardi. Unga ko‘ra, dastlab tuman mahalliy byudjeti, so‘ngra viloyat va nihoyat davlat byudjetini shakllantirish tizimiga o‘tildi. Hududiy boshqaruv organlarining byudjet mablag‘larini shakllantirishda soliq, moliya va iqtisodiyot sohalari organlarining mas’uliyati oshirildi. Ya’ni bu organlar tuman imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda byudjetni shakllantirish uchun takliflar beradi. Mahalliy Kengash deputatlari mahalliy byudjetning sarflanishi haqida har chorakda hisobot qabul qiladi. Natijalar mahalliy ommaviy axborot vositalarida e’lon qilib boriladi. 

Tadbirda davlat byudjetining shakllanish manbalari haqida ma’lumot berildi. Ta’kidlanishicha, mamlakatimizda davlat byudjetining asosiy manbai soliqlardan kelib tushadigan daromaddir. Birgina 2017- yil ma’lumotlari tahlili davlat byudjetining 76 foizi soliqlardan shakllanishini ko‘rsatmoqda. Ularning eng katta ulushi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i hisoblanadi. 

Spikerlar 2018-yilda ijtimoiy sohaga 34,7 trillion so‘m, qabul qilingan Davlat dasturlarini amalga oshirish uchun 8,5 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat’iy o‘rnatilgan soliq stavkalarini o‘rtacha 30 foizga pasaytirish nazarda tutilmoqda. Bu, o‘z navbatida, aholining tadbirkorlik faolligini oshirish imkonini beradi. 

Ma’lumki, 2018-yilda fermer xo‘jaliklarini bosqichma-bosqich ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklariga aylantirish bo‘yicha Dastur senatorlar tomonidan Oliy Majlis Senatining 2017- yil 20-21- dekabr kunlari bo‘lib o‘tgan o‘n uchinchi yalpi majlisida ma’qullangan edi. Shu kunlarda ushbu muhim hujjatning mazmun-mohiyatini aholiga keng tushuntirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. 

Tadbirda 2018- yilda mamlakatimiz bo‘yicha 21 ming 634 fermer xo‘jaligida ko‘p tarmoqli faoliyatni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan 23 mingga yaqin loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilayotgani ta’kidlandi. Xususan, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari tomonidan 7,4 ming gektar yerda intensiv bog‘lar, 4,3 ming gektarda yangi tokzorlar va 844 gektarda issiqxonalar tashkil etiladi. 

Xalqaro press-klub sessiyasida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.

 

Ulug‘bek Asrorov, O‘zA

Поделиться