O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qonunbuzarlar bojxona xodimlarini chalg‘itish maqsadida turli ism-familiyalardan foydalandi
2018-01-11 | Jamiyat
Toshkent shahar bojxona boshqarmasi “Boshpochtampt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari tomonidan Turkiyadan yuborilgan pochta jo‘natmalaridagi ma’lumotlarni tahlil qilish davomida qonunbuzarlik aniqlandi.
Jami og‘irligi 1 ming 120 kilogrammdan ortiq bo‘lgan ushbu jo‘natmalar 55 nafar fuqarolar nomiga yuborilgan bo‘lsa-da, jo‘natmalardagi manzil va bog‘lanish uchun telefon raqamlar aynan bir xil bo‘lib chiqdi.
Ko‘rinib turibdiki, ularni qabul qiluvchi aslida bitta shaxs bo‘lib, bojxona xodimlarini chalg‘itish maqsadida turli ism-shariflardan foydalanilgan. Shu tariqa qonunbuzarlar pochta jo‘natmalari orqali qiymati 150 million so‘mlik 3 ming donaga yaqin turli xildagi kiyim kechaklarni olib kirishga uringan.
Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Chuqursoy texnik idora” chegara bojxona posti xodimlari Respublika transport prokuraturasi xodimlari bilan hamkorlikda fuqaro M.Ismatov (maqoladagi barcha ism-familiyalar o‘zgartirilgan) nomiga Xitoydan kelgan konteynerlarni bojxona ko‘rigidan o‘tkazish chog‘ida, yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilgan umumiy qiymati 6 ming 690 AQSH dollariga teng ishlab chiqarish dastgohlari bilan birga hujjatlarda ko‘rsatilmagan 3 ming 500 dona kosmetika va parfyumeriya tovarlari, 1 ming 650 dona cho‘g‘lanma elektrlampalar, 108 tonna shirinliklar hamda xo‘jalik tovarlari borligi ma’lum bo‘ldi.
Ushbu aniqlangan tovarlarning narxi salkam 920 million so‘mni tashkil etadi. Konteynerni bojxona ko‘rigidan o‘tkazish vaqtida aniqlangan elektr cho‘g‘lanma lampochkalarining quvvati 500 Vt. bo‘lib, Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 20 oktyabrdagi “Energiyani tejaydigan lampalar mahalliy ishlab chiqarilishini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori talablariga binoan 2017 yilning 1 yanvaridan boshlab bu turdagi mahsulotlarni realizatsiya qilish taqiqlangan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda.
Nurullo Nasriyev, O‘zA