O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbek fanining piru komillari

2018-01-11 | Jamiyat

2018 yil arafasida yurtimiz uzra ajoyib xushxabar tarqaldi: Davlatimiz rahbari Farmoniga binoan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Hay’ati va tegishli fan ixtisosliklari bo‘yicha faoliyat ko‘rsatayotgan haqiqiy a’zolarining tavsiyasiga asosan 32 nafar olim O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib tasdiqlandi. Bu nufuzli organga ko‘pdan buyon yangi a’zolar saylanmaganligini hisobga olsak, madaniy hayotimizda katta voqea sodir bo‘lganligini his qilamiz.

Har qanday olim unvoniga akademik ta’rifi berilishi juda katta martabani anglatadi. Ilm pillapoyalari sari ko‘tarilgan iste’dodning eng oliy cho‘qqisidir akademiklik. Xayolotga erk berib, fandagi darajalarni shartli ravishda harbiy unvonlarga muqoyasa qilsak, fan doktori va professorlik generallikka mengzalsa, akademik unvonini marshallikka qiyoslash mumkin.

Yashirishning hojati yo‘q, keyingi yillarda akademiklarimiz biroz nazardan chetda qolishdi. MDHning ayrim mamlakatlarida Fanlar akademiyasi tugab borayozgandi. Bizda ham shunday bo‘lishiga oz qolgandi. Yo‘q, — dedi Prezidentimiz Sh. Mirziyoyev, — yurtimizda donishmand insonlarning o‘rni hamisha to‘rda bo‘lgan.

Shu gap ko‘p o‘tmay amaliy ifodasini topdi. Akademiklarimizga yuksak hurmat-ehtirom ko‘rsatilganda biz, ziyolilarning qalbimiz ham iftixor tuyg‘ulariga to‘ldi.

Eh-he, 1943 yilda tashkil etilgan O‘zbekiston Fanlar akademiyasiga kimlar a’zo bo‘lmagan deysiz. Biz akademik deganda Toshmuhammad Qori-Niyoziy, G‘afur G‘ulom, Oybek, Toshmuhammad Sarimsoqov, Habib Abdullayev, Sa’di Sirojiddinov, Muhammadjon O‘rozboyev, Obid Sodiqov kabi buyuk daholarni tasavvur etardik. Yoshlarimiz, ilm olamiga qadam qo‘ygan har bir olim ana shu mutafakkirlar ta’limini olishga harakat qilishar, ularga intilishardi. To‘g‘ri, bunday afsonaviy shaxslarning yetilishi uchun yillar talab qilingan. Lekin hozir shu darajada allomalar namoyon bo‘lishi uchun hamma sharoit bor.

Turon elida ilm sohasi peshqadamlari bir fan bilan cheklanib qolmasdan, qomusiy bilimlar sohibi bo‘lishi azaliy an’anadir. Ibn Sino, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy kabi insoniyatga bebaho kashfiyotlar tuhfa etgan allomalar bir vaqtning o‘zida turfa fanlarda javlon urishgan. Birgina o‘zimiz eslaydigan Qori-Niyoziy ham matematika fani osmonida yulduz bo‘lib porlagan bo‘lsa, madaniyat, falsafa sohasida ham maktab yaratganligi sir emas.

Akademik unvoniga sazovor bo‘lgan inson jamiyatimizda juda katta salohiyatga ega, davr qo‘yayotgan talablarni dildan his etadigan, har jihatdan yurtdoshlariga namuna, ko‘zgu bo‘ladigan shaxsdir. Shu o‘rinda rus shoiri Nekrasovning quyidagi satrlari yodimizga keldi:

“Mayli, shoirlikni aylasang ham tark, 
Lekin grajdanin bo‘lishing kerak”.

Ehtimol, siz fizikaning optika sohasi bo‘yicha noyob mutaxassisdirsiz. Siz yaratgan yangilik jahonshumul ahamiyatga mansub bo‘lishi mumkin. Lekin vatanparvarlik bobida boshqalarni ortingizdan ergashtiradigan fazilatga ega bo‘lmasangiz, bugungi zamon darajasida emassiz. Unday olimga navqiron avlod ixlos qo‘ymaydi, o‘ziga ideal deb hisoblamaydi.

Gohida o‘ylab qolaman: biz oltmishinchi yillarda qishloq maktabida o‘qiganimizda tirik akademikni ko‘rganmizmi? Afsuski, yo‘q. Maktabimizga san’atkorlar kelishgan, yozuvchilar tashrif buyurishgan. Akademik bilan uchrashmaganmiz. Agar o‘shanda biror akademik maktabimizga kelganida biz, murg‘ak qalblarga bilim olish, kitob o‘qish haqida gapirganlarida bu so‘zlar umrbod yuragimizda muhrlanib qolgan bo‘lardi. Bamisoli qaqroq yerga suv quyilgandek bo‘lardi. Mayli, bu o‘ylar armon bo‘lib qolsin, uni real voqelikka aylantirish yangi saylangan akademiklarimiz zimmasida. Zero, Prezidentimiz Farmonida belgilangan «yo‘l xaritasi»da «ta’lim jarayonida ishtirok etish, iqtidorli yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb qilish» degan maxsus band bor.

Bugungi akademik uzluksiz izlanishi shart. Bir vaqtlar «Avval avtoritet uchun ishlang, so‘ng avtoritet siz uchun ishlayveradi» degan tushuncha bor edi. Bu tamoyil hozirgi davrga to‘g‘ri kelmaydi. Endilikda bir kun izlanishdan to‘xtagan odam hayotdan ortda qoladi. Har ishda, har sohada innovatsiya qidirib yashash kerak. Olim xalqi ko‘pincha xayolparast bo‘ladi. Bu boshqalarning xayoliga kelmagan favqulodda yangilik yaratish uchun imkoniyatdir. Shu ma’noda akademik tafakkurda boshqalardan bir qadam oldinda yurishi talab qilinadi.

Akademik murabbiy sifatida yoshlar orasida ajib aura yaratishi kerak. Unga navqiron avlod mahliyo bo‘lib qolsin, ustozga ixlos qo‘ysin. Bu yuksak martabaga erishgan inson obro‘yi unga taqdim etilgan moddiy ta’minot yoki imtiyozlar tufayli emas, balki bu shaxsning intellektual salohiyati, boy tajribasi sharofati bilan vujudga kelsin. Akademik hamisha millati va xalqini o‘ylashi, shu yo‘lda yangi ixtirolar kashf etish uchun izlanishi zarur.

Bunyodkorlik, Vatan qudratini yuksaltirish kabi ezgu g‘oyalar bilan yoshlar ergashtirilsa, kelajak imorati puxta yaratilishida ko‘nglimiz to‘q bo‘ladi. Har bir akademikning bugun o‘z so‘zi bo‘lishi lozim. U o‘zi yashab turgan jamiyatning bir qismi hisoblanadi. Ustoz og‘zidan chiqqan kalom yoshlar qalbida vatanparvarlik, insonga muhabbat tuyg‘ularini jo‘sh urdirsin.

Akademik o‘zi mansub bo‘lgan ilm olamida o‘z maktabini yaratishi kerak. Bugungi kunda ham shu ulug‘ vazifani qoyil qilgan allomalarimiz anchagina. Ana shu fazilatga ega bo‘lish nisbatan yosh akademiklarimizga munosibdir. Qarang, yangi saylangan olimlar ichida Fanlar akademiyasi Botanika instituti direktori Komil Tojiboyev endigina 42 yoshda ekan. Jurnalistlarimiz bu yigitning otasidan intervyu olishibdi. Otaxon farzandi erishgan martaba uchun shunday sharoit yaratilganidan, ajoyib ilmiy muhitdan xursand bo‘lib, Prezidentimizga minnatdorlik bildiribdi. Jamoatchilik nafaqat yosh akademikka, balki uning otasiga ham havas qilyapti. Bu ham davlatimiz yoshlarga e’tibori kuchayganligidan yana bir dalolatdir.

Dunyoning rivojlangan mamlakatlarida universitet va institutlarning nufuzi u yerda qancha Nobel mukofoti laureatlari ishlayotgani bilan o‘lchanadi. Bizda esa bu mezon qaysi oliy o‘quv yurtida qancha akademik faoliyat yuritayotganligi bilan belgilanadi. Yangi saylangan akademiklarimiz ham o‘zlari faoliyat yuritayotgan dargoh nufuzini yuksaltirishlariga ishonamiz.

Haqiqiy ustoz hech kimdan, ayniqsa, o‘z shogirdlaridan g‘oyalarini ayamaydi. Vatanni chin dildan sevgan, xalq manfaatini har narsadan ustun qo‘ygan olimgina bugun davrimizga munosib farzand bo‘la oladi.

Prezidentimiz yangi saylangan akademiklarni tasdiqlagan hujjat qatorida yana bir Farmonga imzo chekdilar. Gap «O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolari hamda sobiq O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasining haqiqiy a’zolari va muxbir a’zolari faoliyatini yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmon haqida ketyapti. Olimlarimizni rag‘batlantirish haqidagi Farmon 2016 yil 30 dekabr kuni qabul qilingan, bu voqea juda katta xursandchilikka sabab bo‘lgan edi. Bu safar davlatimiz rahbari yanada katta g‘amxo‘rlik namunasini ko‘rsatdi. Yana bir gap. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi bugungi kunda mavjud emas, ya’ni sobiq. Shunday bo‘lsa-da, mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi taraqqiyotida ilm-fanning ahamiyati nazarda tutilib, ushbu akademiyaga bir necha yil oldin saylangan olimlar ham qo‘shimcha rag‘batlantirilyapti. Ushbu e’tibor akademik ilm-fan nufuzini yanada oshirish, uning kadrlar va intellektual salohiyatini mustahkamlash, iqtidorli yoshlarni ilm-fan sohasiga keng jalb qilish, Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida innovatsion jarayonlarni jadallashtirish borasida davlatimiz tomonidan qabul qilinayotgan chora-tadbirlarning izchil ravishda davom ettirilayotganidan dalolat beradi.

Akademiklarimiz zimmasiga yuklatilgan vazifalar Prezident Farmonida «Yo‘l xaritalari» shaklida bayon etilgan. Ularning izchil ijrosi Vatanimiz yanada gullab-yashnashida, O‘zbekistonning jahon hamjamiyatida munosib o‘rin olishiga imkon yaratishi shubhasizdir.

Qadim tariximizda el-yurt nazariga tushgan piru komillar bo‘lgan. Ular hayotning har qanday mushkul savollariga ming-ming yillar mobaynida to‘plangan tajribaga tayanib yechim topishgan. El-ulus bundan hayratga tushgan. Bizning akademiklarimiz ham bugungi kunning piru komillaridir. Ulardan xalqimiz haqiqiy mo‘jizaviy yechimlar kutishlari muqarrar.


Shuhrat Jabborov,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist,

«Xalq so‘zi» gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari.

Поделиться