O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Joriy yilgi soliq siyosati: Yangilik va o‘zgarishlar nimalardan iborat?
2018-01-11 | Iqtisodiyot
Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi soliq va byudjet siyosatining 2018 yilgi asosiy yo‘nalishlaridan kelib chiqib, soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar mazmun-mohiyatini aholi hamda tadbirkorlik subyektlariga yetkazish maqsadida ko‘rgazmali seminar tashkil etildi.
Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Senati a’zolari, tegishli vazirlik va idoralar mas’ul xodimlari, Toshkent shahri hamda viloyatida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari, xorijiy davlatlarning yurtimizdagi diplomatik korpus va chet el korxonalari vakillari qatnashmoqda.
Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasi barcha sohada tub o‘zgarishlarni amalga oshirish orqali xalqimiz uchun zamon talablariga mos turmush sharoitini yaratishga qaratilgan. Jumladan, “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilingan 2018 yilda ham soliq siyosatini hayotga tatbiq etishda keskin chora-tadbirlardan voz kechilishi, biznes toifalari uchun soliqqa tortishni soddalashtirish va soliq yukini kamaytirish, shu asosda ishlab chiqarishni hamda soliqqa tortiladigan bazani kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.
O‘tgan yilning 29 dekabrida Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasining 2018 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida”gi qarori hamda “Soliq va byudjet siyosatining
2018 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun imzolandi. Mazkur Qonunga muvofiq, bir nechta qonunlar, shu jumladan, Soliq kodeksining 47 ta moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Shu yilning 1 yanvaridan boshlab foyda solig‘i hamda obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i birlashtirilib, soliq stavkasi 15,5 foiz o‘rniga 14 foiz qilib belgilandi. Shuningdek, byudjetdan tashqari Pensiya, Respublika yo‘l, Ta’lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armalariga majburiy ajratmalar, yagona to‘lov turiga — davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalarga birlashtirilib, umumiy soliq stavkasi 3,5 foizdan 3,2 foizga pasaytirildi.
Yagona soliq to‘lovi bo‘yicha asosiy stavka esa o‘tgan yildagidek saqlanib qoldi hamda tayyorlov tashkilotlari faoliyati ulgurji savdoga tenglashtirilib, soliq stavkasi tovar aylanmasidan 4 foiz miqdorida belgilandi.
Joriy yilgi soliq siyosatida fuqarolar uchun ham bir qator yangiliklar kiritildi. Jismoniy shaxslarning daromad solig‘i bo‘yicha uchinchi va to‘rtinchi shkaladagi stavkalari 0,5 foizga pasaytirilib, 16,5 va 22,5 foizni tashkil etmoqda. Fuqarolarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga o‘tkaziladigan majburiy badal summasi esa 1 foizdan 2 foizga oshirildi. Mol-mulkka solinadigan soliq uning kadastr qiymatidan hisoblanadigan bo‘ldi. Bunda soliqning asosiy stavkasi 1,7 foizdan 0,2 foizga kamaytirilib, soliq hisoblashda kadastr qiymati 42 million so‘mdan oz bo‘lmasligi belgilandi. Agar mol-mulkning kadastr qiymati bo‘lmasa, Toshkent, Nukus shaharlari va viloyatlar markazlarida 210 million so‘m, boshqa shaharlar hamda qishloqlarda esa 90 million so‘m miqdorida hisoblanishi belgilandi.
Bu kabi o‘zgarishlar tadbirkorlik subyektlariga ham tatbiq etilmoqda. Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat’iy belgilangan soliq stavkalari o‘rtacha 30 foiz kamaytirilgani, ularning faoliyat ko‘rsatayotgan joyiga qarab tabaqalashtirish kengaytirilgani shular sirasidandir.
Masalan, 2017 yilda oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari bilan chakana savdo qilish uchun qat’iy belgilangan soliq miqdori Toshkent shahri uchun eng kam ish haqining 10 barobari va viloyatlar markazlarida 6,5 barobari miqdorida belgilangan bo‘lsa, 2018 yilda tegishlicha 7 barobari va 5 barobari miqdorida belgilanmoqda, ya’ni o‘rtacha 30 foizga kamaymoqda.
Prezidentimizning 2017 yil 18 iyuldagi “Soliq ma’muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda o‘tgan yil 30 dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Soliq ma’muriyatchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni bilan bular yanada mustahkamlandi. Negaki, ushbu Qonun tufayli 3 ta Qonun hamda 2 ta Kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Jumladan, Soliq kodeksining 16 ta moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan bo‘lsa, 7 ta yangi modda qo‘shildi. Jumladan, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Soliq kodeksi ular va soliq organlari o‘rtasida kengaytirilgan axborot almashinuvini nazarda tutuvchi “Soliq monitoringi” bobi bilan to‘ldirildi. Bu, o‘z navbatida, soliq to‘lovchilar tomonidan majburiyatlarni bajarishda yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan xato va kamchiliklarning oldini olish, soliq ma’muriyatchiligi bilan bog‘liq munozarali masalalarni tezda hal qilish, penya va jarimalar yozilishi tufayli moliyaviy ahvolning yomonlashuviga olib keluvchi vaziyatlarni bartaraf etishda qo‘l keladi.
Shu bilan birga, Soliq kodeksining 54, 55 va 354-moddalariga vaqtinchalik moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan insofli soliq to‘lovchilarga soliq ta’tillarini berish tartibini belgilovchi o‘zgartishlar kiritildi. Ya’ni soliq ta’tillari oxirgi ikki yil ichida soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida va to‘liq bajarib, ayni vaqtda vaqtinchalik moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan xo‘jalik yurituvchi subyektlariga tegishli qaror qabul qilingan kundan e’tiboran yigirma to‘rt oygacha bo‘lgan muddatga soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashni kechiktirish va (yoki) bo‘lib-bo‘lib to‘lash, soliq majburiyatlarini bajarish muddatlarini o‘zgartirish ko‘rinishida taqdim etiladi.
Qonun bilan soliq to‘lovchi davlat soliq inspeksiyasiga murojaat qilgan sanadan boshlab 15 ish kuni davomida ortiqcha to‘langan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar summalarini qaytarish tartibi belgilab berildi.
Yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan va muqaddam tadbirkorlik bilan shug‘ullanish natijasida yuzaga kelgan soliq qarzdorligiga ega bo‘lgan jismoniy shaxslarga esa bankrotlik qo‘llaniladi. Bu o‘zgarish va qo‘shimchalar Fuqarolik kodeksining 26-moddasida, Soliq kodeksining 62-moddasida hamda “Bankrotlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 27 ta moddasida o‘z aksini topgan.