O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Prezident Chirchiq shahridagi “O‘zbekkimyomash” aksiyadorlik jamiyatida bo‘ldi
2018-01-10 | Siyosat
Davlat rahbari bu yerda yangi loyiha bilan tanishdi. Loyihada mavjud metall quyish quvvati 1,7 ming tonnadan 4 ming tonnaga oshiriladi. Mahsulot sifati yaxshilanadi, energiya va mehnat resurslari tejaladi.
Prezident shu yerda Chirchiq shahrini shaharsozlik normalari asosida qayta qurish loyihasi bilan tanishdi. “Chirchiq markaziy dehqon bozori” MChJ rekonstruksiya qilish loyihasiga ko‘ra, yangi tipdagi zamonaviy bozor tashkil qilinadi.
Loyihalarda shahar markaziy istirohat bog‘ini rekonstruksiya qilish, “Chirchiq” daryosi bo‘yida zamonaviy sayilgoh qurish, Chirchiq davlat pedagogika hamda jismoniy tarbiya institutlarini zamonaviy o‘quv maskaniga aylantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot bor.
Shu yerda “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan innovatsion g‘oya va yangi texnologiyalar asosida Pskent, Chorbog‘ gidroelektr stansiyasini qurish hamda uning barqaror va xavfsiz ishlashini ta’minlash bo‘yicha investitsiya loyihasi taqdim qilindi.
Prezidentimizga “Chirchiq qishloq xo‘jaligi zavodi” hududida amalga oshiriladigan qishloq xo‘jaligi mashinasozlik sohasini rivojlantirish dasturi haqida ma’lumot berildi.
Prezidentga qishloq xo‘jaligining mashinasozlik sohasida resurs tejaydigan agrotexnologiyalarni joriy etishni ta’minlaydigan zamonaviy, unumdorligi yuqori qishloq xo‘jaligi texnikasi va mexanizatsiya vositalarini ishlab chiqarish yuzasidan qilinadigan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Davlatimiz rahbari sanoat tarmoqlarini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan iqtisodiy islohotlar yaqin yillarda o‘z samarasini berishini ta’kidladi.