O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qashqadaryoda 89 ta fuqarolar yig‘ini Prezident farmonidan keyin o‘z balansidagi binoga ega bo‘ldi
2018-01-09 | Jamiyat
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Qashqadaryo viloyati kengashi boshqaruvining 2017-yil faoliyati yakunlari va 2018-yildagi ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlashga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tahliliy-tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda tizimda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, asosiy e’tibor Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis palatalariga Murojaatnomasida mahalla tizimiga oid belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini so‘zsiz ta’minlash masalasiga qaratildi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashi ijro apparati tomonidan o‘tgan yil davomida davlatimiz rahbarining 2017 yil 3 fevraldagi “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi ijrosi doirasida muayyan ishlar amalga oshirilgani ta’kidlandi.
Xususan, o‘tgan yili 28 fuqarolar yig‘ini komputer texnikasi va 149 fuqarolar yig‘ini yangi mebel jihozlari bilan ta’minlandi, hududlarda 28 bolalar sport maydonchasi qurildi. Viloyatdagi 499 fuqarolar yig‘ini o‘z balansidagi binoga ega, shundan 89 tasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonidan keyin o‘z binosiga ega bo‘ldi. 25 mahalla fuqarolar yig‘ini xizmat binosida kapital ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan 2 ming 958 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan, nogiron, yakka-yolg‘iz qariya va Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga 1 milliard 489 million 476 ming so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Qashqadaryo viloyati kengashi hamda tuman (shahar) kengashlari tomonidan o‘tgan davr mobaynida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish, mahallalarda notinch va kam ta’minlangan oilalar bilan ishlash, bunday oilalarda tadbirkorlik va tomorqa madaniyatini shakllantirish, aholi bandligini ta’minlash choralarini ko‘rish, ularga ijtimoiy yordam ko‘rsatish yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirildi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat, tuman, shahar kengashlari va fuqarolar yig‘inlari bilan hamkorlikda 2017 yil davomida jami 60 ming 150 dan ortiq ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Fuqarolar yig‘inlari xodimlari tomonidan “Oila – mahalla – ta’lim muassasasi” hamkorligi doirasida 6 ming 350 tadbir o‘tkazildi. Natijada sababsiz darsga kelmagan 98 nafar maktab va 815 nafar kollej va akademik litsey o‘quvchisi va ularning ota-onalari bilan suhbatlar o‘tkazilib, O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni mazmun-mohiyati tushuntirildi.
Mahallalarda, maktab va kollejlarda ichki ishlar, prokuratura, xalq ta’limi, yoshlar ittifoqi va mahalla fuqarolar yig‘inlari bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasining “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonuni ijrosiga qaratilgan 5 ming 830 dan ortiq davra suhbati o‘tkazildi.
Mahallalarda “Mahalla kitobsevarlari” haftaligi tashkil etilib, barcha shahar va tumanlarda “Kitob yarmarkasi” tashkil etildi. Tadbirlarda mahallalardagi iste’dodli ijodkorlarning asarlari, masalan, Sobir Primovning “Umr so‘qmoqlari” esselar to‘plami, shoir Abdunabi Boboyorovning “Sog‘inch sohili”, Bozor Boltaboboning “Otam tuygan g‘urur”, shoira Zuhra Ochilovaning “Gulshamol” kitoblari taqdimotlari ham o‘tkazildi.
Mahalla bolalari o‘rtasida “Mahallamiz pahlavonlari”, “Mahallamiz badmintonchilari”, “Futbolimiz kelajagi”, “Biz epchil va chaqqonmiz”, “Mahallamiz stol tennischilari” shiorlari ostida sport musobaqalar tashkil etilib, ularga 152 mingga yaqin yosh qamrab olindi.
Yig‘ilishda ayrim tuman, shahar kengashlari ijro intizomi, hujjatlar ijrosi ustidan monitoringni amalga oshirish, fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish, yig‘inlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani tanqid qilindi. Ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Boshqaruv yig‘ilishi kun tartibidagi boshqa masalalar yuzasidan tuman kengashlari boshqaruvi raislarining hisoboti tinglandi.
O‘lmas Barotov, O‘zA