O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan AT-maktab 10-sinfga kirish imtihonlarini o‘tkazdi
2018-01-09 | Ta’lim
2018 yilning 7 yanvar kuni poytaxtimizdagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Axborot kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab 2017-2018 o‘quv yili uchun 10-sinfga kirish imtihonlarini o‘tkazdi.
Ixtisoslashtirilgan maktab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 sentyabrdagi qarori asosida tashkil etildi. Ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari davlat umumiy o‘rta ta’lim standartlari asosida zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng jalb qilgan holda matematika, fizika, informatika va chet tili fanlarini chuqur o‘zlashtirishadi. Maktabning nizomiga ko‘ra, ta’lim o‘zbek tilida olib boriladi.
2017 yilning dekabr oyidan 2018 yilning yanvar oyiga qadar ixtisoslashtirilgan maktab 10 sinfga tanlov asosida qo‘shimcha o‘quvchilarni qabul qilish jarayonini o‘tkazdi.
Kirish imtihonlarida qatnashish uchun 100 nafardan ziyod o‘quvchilar hujjat topshirishdi. Ular 7 yanvar kuni o‘tkazilgan kirish imtihonlarida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldilar.
Yoshlar Toshkent shahridagi Inha universiteti binosida o‘tgan matematika, fizika va ingliz tili imtihonlarida ishtirok etdilar. Imtihon 2 soat-u 20 daqiqa davom etdi.
Toshkent shahridagi Inha universiteti imtihon o‘tkazish uchun joy berish bilan birga, ushbu jarayonning ochiq va shaffof o‘tishini ta’milash uchun kerakli chora-tadbirlarni amalga oshirdi.
Jumladan, imtihonlarning ochiq va shaffofligini ta’minlash maqsadida universitet binosida ota-onalar kutish hududida imtihon jarayonlarini onlayn kuzatish yo‘lga qo‘yildi.
O‘quvchilarning ota-onalari hamda barcha xohlovchilar universitetning “Facebook”dagi https://www.facebook.com/inha.uz sahifasi orqali imtihon jarayonlarini onlayn kuzatib borishdi.
Shu bilan birga imtihonlarning shaffofligini ta’minlash uchun bir guruh ota-onalar kuzatuvchi sifatida imtihon zaliga taklif etildilar.
Kirish imtihonlari yakunlariga ko‘ra, ixtisoslashtirilgan maktabning 10-sinfiga 14 nafar o‘quvchilar qabul qilindi. Imtihon natijalari 2018 yilning 8 yanvar kuni e’lon qilindi.
2018 yil yurtimizda “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” deb nomlanishi munosabati bilan ushbu o‘quvchilar bir qator imtiyozlarga ega bo‘ladilar.
Jumladan, har bir o‘quvchiga oylik yo‘l chiptasi hamda o‘qish davomida foydalanish uchun kompyuter beriladi. Bundan tashqari fizika, matematika va ingliz tilidan Toshkent shahridagi Inha universiteti o‘qituvchilaridan qo‘shimcha darslarda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Ushbu aksiya 2018 yil yurtimizda “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” deb nomlanishi munosabati bilan va yoshlarga ta’lim olishlari uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida o‘tkazildi.