O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
2018-01-09 | Siyosat
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Aziz qardoshim!
Turkmaniston xalqi va hukumati nomidan hamda shaxsan o‘z nomimdan Turkmaniston va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan Siz va butun qardosh O‘zbekiston xalqini samimiy tabriklash va ezgu tilaklarimni yo‘llash men uchun ulkan sharaf.
Diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan buyon o‘tgan 25 yilda qardoshlik aloqalarimiz faol rivojlandi va izchil mustahkamlanib bormoqda. Davlatlararo munosabatlarning bugungi yuksak darajasini qayd etar ekanman, Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va o‘zaro anglashuv tamoyillariga asoslangan hamkorlik yanada jadal va izchil, o‘zaro ishonch, teng huquqlilik, ochiqlik ruhida rivojlanayotganini alohida ta’kidlamoqchiman.
Ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirar ekanmiz, biz turkman va o‘zbek xalqlari o‘rtasida shakllangan azaliy qardoshlik va o‘zaro hurmat an’analariga, ma’naviy va tarixiy qadriyatlar mushtarakligiga, davlatlarimizning xalqaro munosabatlarda tinchliksevarlik va insonparvarlik tamoyillariga sodiqligiga tayanamiz. Bugungi kunda mamlakatlarimiz nafaqat ikki tomonlama, balki xalqaro tuzilmalar doirasida ham muvaffaqiyatli hamkorlik qilmoqda. Global va mintaqaviy miqyosdagi nufuzli tashkilotlar doirasida mamlakatlarimiz tomonidan ilgari surilayotgan xalqaro tashabbus va takliflar o‘zaro qo‘llab-quvvatlanayotgani shundan dalolat beradi.
Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanmoqda. Madaniyat, ilm-fan sohalaridagi hamkorlik tobora kengaymoqda va mustahkamlanmoqda. Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnik va madaniy hamkorlik bo‘yicha Turkmaniston – O‘zbekiston qo‘shma komissiyasining faoliyati bunda muhim ahamiyat kasb etmoqda.