O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tahlillar fuqarolar yig‘inlariga yetarli darajada uslubiy-amaliy yordam berilmayotganini ko‘rsatdi
2018-01-08 | Jamiyat
Jizzaxda o‘tkazilgan Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashining yig‘ilishida uning 2017 yil faoliyati yakunlari tahliliy-tanqidiy muhokama qilindi.
O‘tgan yili viloyatda fuqarolar yig‘inlaridan 3 tasi uchun idora binosi yangidan qurildi, 12 tasining binosi rekonstruksiya qilindi. Mahallalar idoralarining 169 tasi mebel, 74 tasi komputer jamlanmasi bilan ta’minlandi. O‘zini o‘zi boshqarish organlari moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga 1 milliard 44 million so‘m mablag‘ sarflandi.
Kam ta’minlangan, ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan oilalardagi 912 nafar fuqaroga 247 million 694 ming so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi.
Shu davrda viloyatdagi 53 fuqarolar yig‘inida huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir etilmagani erishilgan muhim o‘zgarishlardan biri bo‘ldi.
Biroq viloyatdagi tuman va shahar kengashlarining barchasi fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini takomillashtirishda o‘zlariga berilgan vakolatdan yetarli darajada foydalana olmadi. Natijada mahalla faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha dasturda belgilangan vazifalarni amalga oshirishda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yildi.
Mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, yoshlarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalash, kasbga yo‘naltirish, hududda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha belgilangan dasturlar to‘liq amalga oshirilmagani ayrim hududlarda jinoyatlar sonining oldingi yilga nisbatan oshishiga sabab bo‘ldi. Yig‘ilishda bu hol tuman kengashlarining “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmalari, faollar, profilaktika inspektorlarining faoliyatini muvofiqlashtirishda yetarli ish olib bormagani sifatida baholandi.
Jumladan, Arnasoy, Paxtakor, Zafarobod, Sharof Rashidov tumanlaridagi mahallalarda sodir etilgan huquqbuzarlik va jinoyatlarni jamoatchilik o‘rtasida muhokama qilishga, Do‘stlik, Zarbdor, Mirzacho‘l, G‘allaorol tumanlarida “Huquqiy bilimlar” o‘quv mashg‘ulotini muntazam yo‘lga qo‘yish ishlariga hududiy kengashlar tomonidan yetarli e’tibor berilmagani jiddiy tanqid qilindi.
Tahlillar tuman, shahar kengashlari tomonidan fuqarolar yig‘inlariga yetarli darajada uslubiy-amaliy yordam berilmayotganini ko‘rsatadi. Mas’ul xodimlar ishini muvofiqlashtirishning aniq tizimi yaratilmagan. Bu esa amalga oshirilayotgan ishlar samarasizligiga olib kelmoqda.
– Tahlil va muhokamalardan ko‘zlangan maqsad, yutuq va kamchiliklarni qayd etish emas, muammolarning sababini aniqlash va bartaraf etish, – deydi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Jizzax viloyati kengashi raisining birinchi o‘rinbosari A.Sattorov. – Bu kamchiliklarning asosiy sabablari – tuman, shahar kengashlarida faoliyat ko‘rsatayotgan ayrim kadrlarning o‘z zimmasidagi mas’uliyatni to‘liq his etmayotganida ekanini ko‘rsatib turibdi. Bu masalani ham atroflicha muhokama qilib, aniq xulosaga keldik. Endi hech kimga lavozim, martaba sinov sharti bilan berilmaydi. Vazifani to‘liq uddalagan kadrgina ishlashga haqli. Shu ma’noda, 2018 yil kengashlar uchun mahalla faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha dastur ijrosini ta’minlashga to‘liq javob beradigan yil bo‘ladi.
Toshqul Beknazarov, O‘zA