O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
2018 yildan boshlab mol-mulk solig‘i kadastr qiymatidan kelib chiqib belgilanadi. “Patent”li tadbirkorlar solig‘i 30 foizga kamaydi
2018-01-08 | Iqtisodiyot
2018 yil 1 yanvardan boshlab jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq mol-mulkning kadastr qiymatidan hisoblanishi joriy etilib, soliqning asosiy stavkasi 1,7 foizdan 0,2 foiz pasaytirildi va soliq hisoblashda kadastr qiymati 42 million so‘mdan kam bo‘lmasligi belgilandi.
Mol-mulkning kadastr qiymati mavjud bo‘lmaganda, soliq shartli qiymatda Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyat markazlarida 210 million so‘m, boshqa shaharlarda va qishloq joylarda 90 million so‘m miqdorida hisoblanishi o‘rnatildi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat’iy belgilangan soliq stavkalari o‘rtacha 30 foizga pasaytirildi va tadbirkorlik subyektlarini faoliyat ko‘rsatayotgan joyiga qarab tabaqalashtirish kengaytirildi.
Foyda solig‘i hamda obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i birlashtirilib, soliq stavkasi 14 foiz qilib belgilandi. O‘tgan yili ushbu turdagi soliq stavkasi 7,5 foiz, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i stavkasi 8,0 foiz, jami 15,5 foizni tashkil qilgandi.
Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga, Respublika yo‘l jamg‘armasiga hamda Ta’lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasiga majburiy ajratmalar, yagona to‘lov turiga – davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalarga birlashtirildi va umumiy soliq stavkasi 3,5 foizdan 3,2 foizgacha pasaytirildi.
Yagona soliq to‘lovi bo‘yicha 2017 yildagi soliq stavkalari saqlanib qolindi hamda tayyorlov tashkilotlari faoliyati ulgurji savdoga tenglashtirildi va soliq stavkasi tovar aylanmasidan 4 foiz miqdorida (2017 yilda yalpi daromaddan 33 foiz bo‘lgan) belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2017 yil 29 dekabrda “O‘zbekiston Respublikasining 2018 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida”gi qaror va “Soliq va byudjet siyosatining 2018 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinib, mazkur qonun bilan 3 ta qonunga, jumladan Soliq kodeksining 47 ta moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.