O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Samarqandliklar istiqbolda bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab berilgan hujjatni keng targ‘ib qilmoqda
2018-01-08 | Jamiyat
Samarqand viloyati shahar va qishloqlarida davlatimiz rahbarining Murojaatnomasini o‘rganish va uning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilik orasida targ‘ib etishga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Toshkent va Samarqand shaharlaridagi oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, nuroniylar, ma’naviyat targ‘ibotchilari va faollardan iborat targ‘ibot guruhlari mahallalarda aholi bilan samimiy muloqot o‘tkazib, Murojaatnomada belgilangan vazifalarning hayotga tatbiq etilishi davlatimiz taraqqiyotini jadallashtirish va xalqimiz farovonligini yanada oshirishga xizmat qilishini ta’kidlamoqda.
– Prezidentimiz Murojaatnomasi 2017-yilda mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijalari sarhisobi bo‘lish bilan birga, 2018 va undan keyingi yillarda bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab berilgan dasturiy hujjat bo‘ldi, – deydi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori A.Muxtorov. – Murojaatnoma asosida barcha sohalar bo‘yicha "Yo‘l xaritasi" ishlab chiqildi. Ularning o‘z vaqtida hayotga tatbiq etilishi, shubhasiz, aholi turmush tarzini yuksaltirib, davlatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqadi. Joylardagi uchrashuvlarda buni xalqimiz ham ta’kidlamoqda va ularning bugungi maqsad va intilishlari ushbu dasturlarni amalga oshirishga hissa qo‘shishga qaratilgan.
Targ‘ibot tadbirlarida mahalla faollari, tadbirkorlar, tibbiyot xodimlari, o‘qituvchilar, nuroniylar va yoshlar so‘zga chiqib, mamlakatimizda olib borilayotgan izchil islohotlar samarasi o‘z hayotlarida ham ifodasini topayotganini aytmoqda.
– Murojaatnomada bayon etilgan tashabbus va g‘oyalarning amalga oshirilishi, avvalo, xalqimiz manfaatlariga xizmat qiladi, – deydi Nurobod tumanidagi 6-umumta’lim maktabi direktori F.Xudoyqulov. – Davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimining takomillashtirilishi bo‘ladimi, sud-huquq sohasidagi islohotlar yoki shahar va qishloqlarimizda arzon uy-joylar qurilishi yoxud tibbiyot sohasidagi o‘zgarishlar bo‘ladimi – barchasi inson manfaatiga qaratilgan. Oddiy misol, shu paytgacha tumanimizdan Samarqand shahrigacha bo‘lgan salkam 100 kilometr masofani bosib o‘tishda viloyat ichi bo‘lsa-da, ikkita yo‘l-patrul postidan o‘tishga to‘g‘ri kelardi. Prezidentimiz Murojaatnomada ushbu masalaga ham e’tibor qaratgach, mana, qisqa vaqtda bunga barham berildi. Hayotimizni erkinlashtirish va farovonlikka xizmat qiluvchi bunday misollar juda ko‘p.
Kattaqo‘rg‘on shahri, Bulung‘ur, Jomboy, Oqdaryo, Ishtixon, Qo‘shrabot tumanlaridagi uchrashuvlarda ham Murojaatnomada belgilab berilgan har bir ustuvor yo‘nalish bo‘yicha olimlar, soha mutaxassislarining fikrlari eshitilib, aholi bilan samimiy suhbat qurildi.