O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
«Turon» podstansiyasi qurilishi nima beradi?
2018-01-08 | Jamiyat
Qashqadaryo viloyati Koson tumani Raim So‘fi qishlog‘idagi 2x4000 kVA 35/10 kVli “Raim So‘fi” podstansiyasi 1975 yilda qurilgan bo‘lib, undan chiquvchi beshta 10 kVli “Xo‘jaquduq”, “Olatun”, “Yakkasaroy”, “Yodgor” va “Kasbkor” havo tarmoqlari orqali ushbu hududdagi 3000 dan ziyod aholi va yuridik iste’molchilar elektr energiyasi bilan ta’minlanadi.
Aholi soni va ehtiyojlari ortishi oqibatida mazkur podstansiyadagi transformatorlar o‘ta yuklama bilan ishlab turgan. Shuni hisobga olib 2006 yilda “Raim So‘fi” podstansiyasidagi T-2 TMN rusumli 4 MVAli transformator 110/35/10 kVli “Koson” podstansiyasidan zaxiraga chiqarilgan 10 MVAli TDN rusumli transformatorga almashtirildi. Natijada aholining elektr ta’minoti sezilarli darajada yaxshilandi.
Ayni vaqtga kelib, Raim So‘fi mahallasi ahlining elektr energiyasiga bo‘lgan talabi ortib, 14 MVA kuchlanishli 35/10 kVli “Raim So‘fi” podstansiyasidagi kuch transformatorining maksimal soatlardagi yuklamasi (barcha 10 kVli fiderlar qo‘shilsa) 150% ni tashkil etayapti. Shu sababli istemolchilarga elektr energiyasi jadval asosida, ya’ni sutkasiga 4-5 soatdan past kuchlanishda sifatsiz darajada yetkazib berilmoqda. Ushbu podstansiya o‘ta yuklanish bilan ishlashi natijasida, transformator cho‘lg‘amidagi va havo tarmoqlaridagi energiya isrofi me’yoridan ortib ketmoqda.
Shundan kelib chiqqan holda, Raim So‘fi qishlog‘i hududida umumiy quvvati 32 MVA bo‘lgan 110/35/10 kVli “Turon” podstansiyasi va L-Qoraxitoy-1, 2-110 kV havo liniyasidan shohobcha bilan 28 kilometr uzunlikdagi ikki zanjirli 110 kV havo liniyasi qurish uchun loyiha hujjatlari tayyorlangan. Loyiha qiymati 30 milliard so‘mni tashkil etadi.
Podstansiya ishga tushsa, Koson va Chiroqchi tumanlarida 20 mingdan ortiq aholi xonadonlari, “Sho‘rtanneftgaz” MCHJga qarashli neft quduqlari hamda hududdagi yuzdan oshiq boshqa yuridik iste’molchilarning elektr energiyasi uzluksizligi taminlanib, tarmoqdagi yo‘qotishlar qariyb 30 foizga kamayadi.
Sh. Turdiyev,
“O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi Qashqadaryo hududiy bo‘limi katta inspektori