O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Oltin haftalik” – yangi yil bayrami kunlarida maroqli sayohatlar
2018-01-06 | Turizm
Muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan yurtimizda yangi yil bayramini yanada ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazish va dam olish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida e’lon qilingan 5 kunlik dam olish davri - “Oltin haftalik” sifatida Buxoro aholisini ham quvontirdi.
Bu borada Vazirlar Mahkamasi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan chora-tadbirlar asosida “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” shiori ostida dam olish kunlari “O‘zbekiston havo yo‘llari” va “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyalari tomonidan yo‘lovchilarga chegirmalar joriy etilganligi, shuningdek, mehmonxona va restoranlarda 50 foizgacha maxsus chegirmalar e’lon qilinishi Buxoroga sayohatchilar oqimini yanada oshirdi.
Mehmonxona va restoranlar vakillari esa sayyohlar oqimi ko‘payishidan mamnun bo‘lib, avvalgi yillarda shu davrda mijozlarning keskin kamayishi oqibatida ishchi-xodimlariga ta’til berishga majbur bo‘lishlarini, endilikda esa ularning to‘liq quvvatda ishlash imkoniyati paydo bo‘lganligini alohida ta’kidlashdi.
Yangi yil bayramining dam olish kunlari Buxoro viloyatining aholisi, jumladan Buxoro shahridagi neft va gaz sanoati, politexnika, turizm, tibbiyot kollejlari, Qorako‘l, Peshku va Romitan tumani maktablarining yuzlab o‘qituvchi-murabbiylari madaniy-meros obyektlari va ziyoratgohlarga sayohatga qilishdi.
Hozirda Buxoroda yangi yil bayrami shukuhi va maroqli sayohatlar davom etmoqda.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Matbuot xizmati