O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Tashabbus”da tashabbuskorlar g‘olib bo‘ladi
2015-04-17 | Jamiyat
O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun "Tashabbus – 2015" respublika ko'rik-tanlovini tashkil etish va o'tkazish masalasiga bag'ishlangan matbuot anjumani bo'lib o'tdi.
Matbuot anjumanida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik har qanday iqtisodiyotning asosi ekani va bu sohani strategik rivojlantirish uzoq muddatli istiqbolga mo'ljallangani ta'kidlandi. Bugungi sharoitda mamlakatimizda mazkur sektorni qo'llab-quvvatlash bo'yicha keng ko'lamli dasturlar amalga oshirilayotgani bois xususiy sektorni rivojlantirish yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o'tkazib kelinayotgan "Tashabbus" respublika ko'rik-tanlovi bunga yorqin misoldir.
An'anaga ko'ra, Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilayotgan bu galgi tanlov mamlakatimiz "kichik sanoati" salohiyatini namoyish etish uchun eng ommabop ekspozitsiya maydonlaridan biridir. Tanlov yo'lga qo'yilganidan buyon unda 180 mingdan ziyod fermer, hunarmand va tadbirkor ishtirok etdi.
So'nggi yillarda uning ishtirokchilari orasida farmatsevtika, to'qimachilik sohasida eksportbop mahsulot ishlab chiqarayotgan tadbirkorlar safi kengayib borayotir. Fermerlik yo'nalishida qishloq xo'jaligi, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan mulkdorlar ishtirok etmoqda. Mamlakatimiz hududlarida tashqi bozorda xaridorgir bo'lgan xalq amaliy san'ati namunalarini tayyorlayotgan usta va kosiblar hunarmandlik sohasida o'z mahsulotlarini namoyish etmoqda.
Tadbirda joriy yil ushbu ko'rik-tanlovga O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 18-martdagi tegishli farmoyishiga muvofiq tayyorgarlik ko'rilayotgani ta'kidlandi. Ayni paytda mamlakatimizda tanlovning tuman va shahar bosqichlari o'tkazilmoqda.
Ko'rik-tanlov g'oliblari uch asosiy – "Yilning eng yaxshi tadbirkori", "Yilning eng yaxshi fermeri", "Yilning eng yaxshi hunarmandi" nominatsiyalari, shuningdek, "Yilning eng yosh tadbirkori", "Yilning eng yaxshi tabirkor ayoli", "Eng yaxshi innovatsiya loyihasi", "Yoshlar uchun eng ko'p ish o'rinlarini tashkil qilgan tadbirkor", "Eng yaxshi oilaviy biznes", "Mening Vatanim – mening faxrim" kabi maxsus nominatsiyalar bo'yicha ham aniqlanadi.
Bundan tashqari, ko'rik-tanlov doirasida ilg'or tadbirkorlar, fermer va hunarmandlar poytaxtimizdagi kasb-hunar kollejlari va litsey o'quvchilari, oliy o'quv yurtlari talabalari uchun mahorat saboqlari o'tkazadi.