O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mukofotlar tantanali topshirilmoqda
2015-04-17 | Jamiyat
Prezidentimizning 2015-yil 19-fevraldagi "O'zbekiston Respublikasi fuqarolari – 1941-1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini "Ikkinchi jahon urushidagi G'alabaning 70-yilligi" esdalik yubiley medali bilan mukofotlash to'g'risida"gi hamda shu yil 6-martdagi "1941-1945-yillardagi urush qatnashchilarini rag'batlantirish to'g'risida"gi farmonlariga ko'ra Samarqand viloyatidagi urush va mehnat fronti faxriylariga ushbu mukofotlar tantanali ravishda topshirilmoqda.
Viloyat hokimligi tomonidan 1 ming 74 nafar 1941-1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylariga O'zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan "Ikkinchi jahon urushidagi G'alabaning 70-yilligi" esdalik yubiley medali hamda 280 nafar urush qatnashchisi va nogironlariga bir martalik pul mukofotlarini tantanali topshirish boshlandi.
Viloyat hokimi, tuman va shahar hokimlari, viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi, "Nuroniy" jamg'armasi rahbarlari faxriylar xonadoniga borib, yubiley medali va pul mukofoti, esdalik sovg'alarini topshirmoqda. Ularni Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G'alabaning 70-yilligi bilan tabriklamoqda.
– Har tong tinch-xotirjam, musaffo osmon ostida, Prezidentimiz, xalqimizning ardog'ida hayot kechirayotganimga shukrona aytaman, – deydi Samarqand shahar Motrid mahallasida yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, 96 yoshli Muhsin Husanov. – Farzandlarim, yaqinlarim qatorida mahalla-ko'y, hokimlik vakillari har kuni holimni so'rab turadi. Mehr va e'tibor ko'rsatadi. Bugun xonadonimizga viloyat hokimligidan bir guruh vakillar kelib Yurtboshimiz nomidan yubiley medali va pul mukofotlarini topshirganlarida ko'zlarim sevinch yoshlariga to'ldi. Ular bilan suhbatlashib, ruhim tetiklashdi, kuch-g'ayratim oshdi. Ilohim, bizni qadrlagan, ulug'lagan insonlarning o'zlari ham shu yoshlarga kirib, doimo elimiz ardog'ida bo'lsin, yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalikka ko'z tegmasin.
Jomboy tumani Jomboy mahallasida yashovchi urush qatnashchisi Burxon Solmonov yubiley medali va pul mukofotini qabul qilib olar ekan, o'z minnatdorligini izhor etdi.
– Biz turli zamonlarni, tuzumlarni ko'rdik, – deydi Burxon bobo. – Bugungiday inson qadr-qimmatining e'tirofiga guvoh bo'lgan emasmiz. Prezidentimiz bu yilni Keksalarni e'zozlash yili, deb nomlashining o'zi biz, faxriylar uchun eng oliy mukofot bo'ldi. Yaqinda Qarshi shahrida muddatli harbiy xizmatga qabul qilingan nabiram A'zamxonning qasamyod qabul qilish marosimida ishtirok etdim. Yo'l-yo'lakay amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlariga qarab to'lqinlanib ketdim. Askarlar uchun yaratilgan sharoitni ko'rib o'zim xizmat qilgan davrlar ko'z oldimdan o'tdi... U kunlarni hech kim ko'rmasin. Ilohim, xotirjam, ozod va obod yurtimiz abadiy bo'lsin!
"Nuroniy" jamg'armasi viloyat bo'limidan olingan ma'lumotlarga ko'ra, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylariga kasaba uyushmalari, davlat va jamoat tashkilotlarining ham esdalik sovg'alari, sihatgohlarga yo'llanma, nogironlar aravachasi, eshitish moslamasi va boshqa protez-ortopediya vositalari berilmoqda.