O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Faxriylarga bayram sovg‘alari
2015-04-17 | Jamiyat
Farg'ona viloyatida 9-may – Xotira va qadrlash kuniga bag'ishlangan turli ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar o'tkazilmoqda.
Farg'ona davlat universitetida viloyat hokimligi va xotin-qizlar qo'mitasi hamkorligida "Inson qadri va uning xotirasi muqaddas" mavzusida tashkil etilgan tadbirda urush va mehnat fronti faxriylari, jamoatchilik vakillari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Universitet rektori Sh.Toshmatov va boshqalar mamlakatimizda o'tganlarni xotirlash, keksalarga g'amxo'rlik ko'rsatish, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining salomatligini mustahkamlashga alohida e'tibor qaratilayotganini ta'kidladi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 9-may mamlakatimizda Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida, bugungi dorilomon hayotimiz, musaffo osmonimiz uchun jon fido qilgan bobolarimiz xotirasini ulug'lash, nuroniylarni e'zozlash ayyomi tarzida keng nishonlanmoqda. Bu yoshlarni vatanparvarlik va milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
– "Jasorat, burch, matonat" shiori ostida nishonlanayotgan ushbu bayram arafasida ta'lim maskanlarida urush va mehnat fronti faxriylari bilan uchrashuvlar o'tkazilmoqda, – deydi Farg'ona davlat universiteti o'zbek filologiyasi fakulteti dekani Zokirjon Rahimov. – Yoshlarni Vatanga muhabbat, istiqlol g'oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashda nuroniy otaxon va onaxonlarning ibratli hayoti muhim o'rin tutadi. Universitetimizda urush va mehnat fronti faxriylari bilan uchrashuvlar o'tkazish, ularning ibratli hayot yo'li va tajribasidan yoshlar tarbiyasi yo'lida foydalanishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
– Bugungi tinch va osoyishta kunlar Prezidentimiz rahnamoligida avvalo inson manfaatini ko'zlab amalga oshirilayotgan oqilona siyosat samarasidir, – deydi Ikkinchi jahon urushi faxriysi Abdurashid ota Abdusalomov. – Ayniqsa, yoshlar uchun yaratib berilayotgan sharoitlarni ko'rib, ularga Vatanni sevish, tinch-osoyishta hayotni ardoqlash zarurligini uqtiramiz.
Tadbirda faxriylarga bayram sovg'alari topshirildi.