O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qarshi shahri ko‘chalari bo‘ylab zirhli harbiy texnikalar tantanali marsh bilan harakatlandi
2018-01-05 | Jamiyat
Qarshida “Milliy armiyamiz – yoshlarning mardlik, matonat va jasorat maktabidir” shiori ostida Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 26 yilligi va 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondonligi hamda Qashqadaryo viloyati hokimligi tashabbusi bilan harbiy texnikalar namoyishi tashkil etildi.
Shahar ko‘chalari bo‘ylab zirhli harbiy texnikalar tantanali marsh bilan harakatlandi.
– Eng so‘nggi rusumdagi komp’yuterlashtirilgan harbiy texnikalarni o‘zbek o‘g‘lonlari mahorat bilan boshqarib borayotganini ko‘rish qalbimda iftixor tuyg‘usini yanada yuksaltirdi, – deydi qarshilik mehnat faxriysi Bo‘ri bobo Norqobilov. – Prezidentimizning ham maqsadi intellektual salohiyatli, zamonaviy bilimlarni puxta egallagan harbiylarga ega milliy armiyamizni shakllantirishdir. Bunday yoshlar bizning umidimiz, kelajagimiz. Ular xalqimiz osoyishtaligi, osmonimiz musaffoligi va davlatimiz sarhadlari daxlsizligini ta’minlashga qodir.
Harbiy texnikalar namoyishida ishtirok etgan 1000 dan ziyod o‘quvchi-yoshlar harbiy texnikalar, o‘qotar qurol-aslahalar bilan yaqindan tanishdi, mutaxassislardan ular to‘g‘risida ma’lumotlar oldi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA